Yangiliklar
Sariosiyo tumani adliya bo‘limi tomonidan tumandagi 29-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida pedagoglar ishtirokida o‘quv seminari-treningi tashkil etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 501-son, 2026-yil 2-martdagi 88-son, 19-fevraldagi 69-son, 9-fevraldagi 48-son qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-noyabrdagi PF-207-son Farmonida belgilangan normalar, pedagoglar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar va ularni qo‘llash tartibi yuzasidan tushuntirishlar berildi.Shuningdek, pedagoglarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, qonunchilikdagi yangiliklar va ulardan amaliyotda foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi 1-son texnikumda Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Tursunov ishtirokida yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuv doirasida “Terrorizm va diniy ekstremizm – davr muammosi” mavzusida diniy-ma’rifiy suhbat tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida mafkuraviy immunitetni shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.Tadbir davomida diniy ekstremizm, radikalizm va turli zararli g‘oyalarning mazmun-mohiyati, ularning salbiy oqibatlari hamda bunday tahdidlarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqot va savol-javoblar o‘tkazilib, ularning fikr va qarashlari o‘rganildi. Yoshlarni axborotni tanqidiy tahlil qilish, turli yot g‘oyalarga nisbatan ogoh va hushyor bo‘lishga chaqirildi.
Uchrashuvda yoshlarning huquqiy va ma’naviy bilimlarini oshirish, ularni turli zararli ta’sirlardan himoya qilish hamda jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bunday uchrashuvlar yoshlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolari va takliflarini o‘rganish hamda huquqiy-ma’rifiy bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Boysun tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “O‘qituvchilarga ehtirom” huquqiy aksiyasi doirasida huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida:Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-sentabrdagi 501-son qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi;
pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi;
pedagoglarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan jadval asosida Qiziriq va Bandixon tumanlarida tadbirkorlik subyektlari uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Qabul Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Tursunov rahbarligida Bandixon tumanidagi “Bektepa” kichik va yoshlar sanoat zonasi hamda Qiziriq tumanidagi “Zarbdor” yoshlar va tadbirkorlik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida tashkil etildi.
Qabul davomida tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Qabul yakunida S.Tursunov tomonidan sanoat zonalaridagi faoliyat o‘rganilib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Tursunov ishtirokida Termiz shahrining “Abdurahmon Jomiy” mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosi doirasida sayyor qabul hamda fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda 20 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, ularning uy-joy, yer va kadastr, ijtimoiy himoya, bandlik, oilaviy munosabatlar, davlat xizmatlari hamda boshqa huquqiy masalalarga oid murojaatlari tinglandi.Murojaatlarning 13 tasi bo‘yicha fuqarolarga joyida huquqiy tushuntirish berilib, masalalar ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va tegishli choralar ko‘rishni talab etadigan 4 ta murojaat ish yurituviga olindi.
Shuningdek, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash, oilaviy nizolarni mediatsiya asosida hal etish, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan batafsil huquqiy tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot davomida PQ–1-son qarorining mazmun-mohiyati, mahallalarda aholi bilan manzilli ishlashning yangi tizimi, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari yuzasidan huquqiy targ‘ibot ishlari olib borildi.
Sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlar nazoratga olinib, ularni qonunchilik talablariga muvofiq o‘z vaqtida va sifatli hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Jarqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi tomonidan 2026-yil 21-sentabr kuni tumandagi tashkilot va muassasalar xodimlari hamda mahalla fuqarolarining kibermadaniyatini yuksaltirish va kibersavodxonligini oshirish maqsadida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimligi, tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahalla fuqarolari hamda tuman IIB xodimlari ishtirok etdi.Tadbir davomida tuman hokimligining raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi tomonidan “Kiberxavfsizlik: zamonaviy tahdidlar va himoya choralari” mavzusida batafsil tushuntirishlar berildi.
Jumladan, fishing, virus, ransomware kabi kiber tahdidlar, kiberhujumlarning real ko‘rinishlari, rahbar va xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolar hamda kiber tahdidlardan himoyalanishning asosiy choralari haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.
Tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarning kibersavodxonligini oshirish, zamonaviy kiber tahdidlardan ogohligini kuchaytirish hamda kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasida viloyat adliya boshqarmasi o‘rinbosari A. Ismailov ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Termiz davlat universiteti Yuridik fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirok etib, Adliya organlarining faoliyati, asosiy yo‘nalishlari va amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Talabalar adliya organlarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat jarayonlarini kuzatdilar;
mutaxassislarning ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar;
huquqshunoslik sohasidagi amaliy faoliyat haqida tasavvurga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, adliya tizimida faoliyat yuritish, kasbiy rivojlanish va huquq sohasi bo‘yicha ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
“Adliyada bir kun” loyihasi orqali talabalarning nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish, ularni huquq sohasi mutaxassislari faoliyati bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni kasbga yo‘naltirish hamda adliya tizimida faoliyat yuritishga qiziqishini kuchaytirishga qaratilgan uchrashuvlar davom ettiriladi.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fuqaro A. Gasanovaning Denov tuman 1-son davlat notarial idorasi sobiq notariusi R. Azimovaning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Mazkur masala fuqaro A. Gasanovaning avvalgi murojaati asosida boshqarma tomonidan o‘rganilgan va natijasi yuzasidan unga tegishli javob berilgan.Shuningdek, hadya shartnomasi qonunchilik talablariga zid ravishda rasmiylashtirilgan deb hisoblasa, fuqaro A. Gasanova o‘z vajlarini tasdiqlovchi dalillarni ilova qilgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
Angor tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi 3-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan umumiy o‘rta ta’lim maktabida vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quvchilar ishtirokida giyohvandlikka qarshi kurashish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish mavzularida seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida giyohvandlikning inson hayoti va jamiyat uchun og‘ir oqibatlari, unga qarshi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan javobgarlik va jazo choralari haqida tushuntirishlar berildi.
Seminarining ikkinchi qismida ekologiya sohasida qonuniylikni ta’minlash, atrof-muhit tozaligini saqlash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda ekologik qoidabuzarliklarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘quvchilar bilan muloqot davomida sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, tabiatni asrash va qonun talablariga hurmat bilan yondashishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi tomonidan “Saxovat” mahallasida yashovchi fuqarolar uchun sayyor qabul va huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida 15 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Shundan 12 nafar fuqaroning murojaatiga joyida huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.
3 nafar fuqaroning murojaati belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, ularni atroflicha o‘rganish hamda qonuniy yechim topish maqsadida nazoratga olindi.
Shuningdek, huquqiy targ‘ibot tadbirida fuqarolarga Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari mazmun-mohiyati, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, oila, mehnat, yer huquqi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.