Yangiliklar
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tizimda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbuskor va iqtidorli kadrlarni aniqlash maqsadida “Yilning eng faol yosh xodimi” tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Tanlovda tuman va shahar adliya bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatlarini quyidagi shartlar asosida namoyon etdilar:
1-shart – “Men haqimda” taqdimoti;
2-shart – “Tashabbuskorlik va faollik”;
3-shart – “Huquqiy muammoli holat (kazus)” sharti
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida xolis va shaffof tarzda baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra:
1-o‘rin – Qiziriq tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Bunyod Avazov – 5 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi;
2-o‘rin – Termiz tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Sevinch Mamajonova – 4 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi;
3-o‘rin – Jarqo‘rg‘on tuman adliya bolimi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Dilshod Shukurov – 3 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov yosh xodimlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda adliya organlarida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Iyun–avgust oylarida har payshanba kuni o‘tkazilishi belgilangan “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida Surxondaryo viloyatida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, volontyorlik harakatini rivojlantirish hamda fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlar davomida yoshlar, volontyorlar, mahalla faollari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar, ijtimoiy aksiyalar hamda ma’naviy-ma’rifiy loyihalar amalga oshirildi.
Tadbir doirasida keksalar holidan xabar olinib, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha volontyorlik ishlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, volontyorlar tomonidan mahalla hududlari va ijtimoiy obyektlarda obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi, hududlarning sanitariya holatini yaxshilashga xizmat qilindi.
Tadbirlarning muhim natijalaridan biri sifatida Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi hamda Yuridik texnikum o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum asosida Yoshlar volontyorlik markazi tashkil etildi.
Ushbu tashabbuslar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, volontyorlik harakatini rivojlantirish hamda jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida aholi uchun sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolarning huquqiy masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi hamda ularni qonuniy hal etish bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tuman yoshlari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, qonunchilikdagi yangiliklar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar yetkazildi. Uchrashuvda yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berilib, taklif va tashabbuslari muhokama qilindi.
Bunday tadbirlar aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish hamda davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Qonun (O'RQ–1153-son, 15.06.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritildi.
Mazkur Qonun o'zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni e'tirof etish jarayonlarini jadallashtirish, amaliyotda yagona va izchil tartibni ta'minlashga qaratilgan.
Kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarga ko'ra, soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, qarzdorlik miqdori BHMning 30 baravaridan oshmagan ko'chmas mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni e'tirof etish yo'lga qo'yiladi.
Qonunda belgilangan muddatlar amaldagi 150 kundan – 50 kunga (3 baravarga) qisqartiriladi.
1 martalik to'lovlarning 50 foizi belgilangan muddatda (20 ish kunida) to'liq to'langanda, uning qolgan qismiga chegirma beriladi.
To'lash imkoniyati bo'lmaganda fuqaroga soliq inspeksiyasi bilan shartnoma tuzish orqali mazkur mablag'ni 1 yildan 3 yilgacha bo'lib to'lashga ruxsat beriladi.
Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga huquqni e'tirof etish mexanizmi yanada takomillashtirildi.
Xalq deputatlari kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga asos bo'lishi belgilandi.
2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar yer uchastkasi uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga qo'llanilmasligi belgilandi.
Fuqarolarning vaqti va mablag'larini tejash maqsadida shikoyatlarni sudga qadar ko'rib chiqish mexanizmi kiritildi.
Yer uchastkasining qurilishi taqiqlangan hududga tushgan qismini chegirib tashlagan holda uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e'tirof etish tartibi joriy etiladi.
Bino-inshootlar xususiylashtirilganligi to'g'risidagi ma'lumotni taqdim etishga tuman (shahar) hokimliklari ham mas'ul etib belgilandi.
Ushbu Qonun Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Adliya vazirligi tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirishning huquqiy mexanizmlarini amaliyotga joriy etish, aholining tadbirkorlik faolligini oshirish va xotin-qizlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan kooperatsiya modeli o‘zining dastlabki natijalarini bermoqda.
Mazkur loyiha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Madad” NNT hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bugun Surxondaryo viloyati Denov tumanida tashkil etilgan “Dilorom COOP” ayollar kooperativining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning asosiy maqsadi — tadbirkorlikka qiziqishi bor, ammo uni qanday boshlashni bilmayotgan, hunarli, intilishi bor xotin-qizlarga huquqiy va amaliy ko‘mak berish orqali ularning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish, aholi daromadlarini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirishning samarali huquqiy mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.
Kooperatsiya modeli bugungi kunda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi “Navkat COOP” hamda Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Dilorom COOP” kooperativlari misolida amaliyotga tatbiq etilib, bu orqali kooperatsiyaning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy mexanizmlari sinovdan o‘tkazilmoqda.
“Dilorom COOP” kooperativi 200 nafar xotin-qiz ishtirok etgan tanlov asosida saralab olingan ishtirokchilar bilan faoliyatini boshladi. Qisqa vaqt ichida kooperativ atrofida kuchli jamoa shakllanib, ikki oy davomida ish bilan ta’minlanganlar soni 18 nafarga yetdi.
Kooperativ doirasida tikuvchilik, hunarmandchilik, asalarichilik, milliy taqinchoqlar tayyorlash, yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan 8 ta biznes modeli faoliyat yuritib, oylik aylanma mablag‘ 160 million so‘mga yetdi.
Kooperativ ishtirokchilariga Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish, bizneslarni rasmiylashtirish, shartnomaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, tovar belgilarini huquqiy muhofaza qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha huquqiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Loyihadan olinayotgan natijalar kelgusida kooperatsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va yangi huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish uchun muhim amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kooperatsiya — bu faqat biznes modeli emas. U xalqimizning azaliy qadriyatlari bo‘lgan hamjihatlik, o‘zaro ko‘mak va birlashib farovonlikka erishish tamoyillarining zamonaviy ifodasidir.
Bu model ishlab chiqaruvchi bilan iste’molchi o‘rtasidagi ortiqcha vositachilarni qisqartirib, “daladan dasturxonga” tamoyili asosida mahsulotlarni birinchi qo‘ldan iste’molchiga yetkazish imkonini beradi. Shu maqsadda kooperativning dastlabki savdo do‘koni ham tashkil etildi.
Loyihaning eng yorqin natijalaridan biri — kooperativ rahbari Dilorom Yo‘ldoshevaning muvaffaqiyat hikoyasidir. Bir vaqtlar faoliyatini bitta tikuv mashinasi bilan boshlagan tadbirkor bugun o‘nlab xotin-qizlarni o‘z atrofiga birlashtirib, ularning bandligi va daromad manbai yaratilishiga hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek, kooperativ a’zosi Zebo Pardayeva Xitoy Xalq Respublikasida malaka oshirib qaytdi. U yerda o‘rganilgan ilg‘or tajriba asosida bugun Denovda qalampir yetishtirish loyihasini boshlab, yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni davlat va jamiyat hayotidagi islohotlarga daxldorlik ruhida tarbiyalash hamda ochiq muloqot maydonlarini kengaytirish maqsadida Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Adolat sayli” tashkil etildi.
Tadbir doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan huquqiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi hamda mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar bildirildi. Saylda adliya organlari xodimlari, Notarial palata notariuslari, advokatlar, hamkor tashkilotlar vakillari, yoshlar yetakchilari va faol yoshlar ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbir davomida intellektual savol-javoblar, huquqiy viktorinalar, ko‘rgazmali chiqishlar hamda yoshlarning ijodiy va tashabbuskorlik salohiyatini namoyon etuvchi turli interaktiv loyihalar tashkil qilindi. Ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlar va muloqotlar ko‘tarinki ruhda o‘tib, yoshlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
“Adolat sayli” yoshlar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Tadbirda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari tinglandi, huquqiy masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi ko‘rgazma bilan tanishib, kitobxonlikni rivojlantirish va mutolaaga keng jalb etish bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir yoshlarning huquqiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlashga xizmat qildi.
Bojxona qo‘mitasi Surxondaryo viloyat boshqarmasining “Ashyoni egasiz deb topish va yo‘q qilish haqida”gi arizalari Jinoyat ishlari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.
Sud qarorlariga asosan, umumiy qiymati qariyb 84 mln so'mlik 2743 quti “Esse Change” tamaki mahsulotlari, 50 mln so'mlik 1038 dan ortiq dori vositalari, 35 mln so'mlik 551 ta alkogol mahsulotlari, 10 dona parfumeriya vositalari hamda boshqa kontrafakt mahsulotlar egasiz deb topilib, ularni yo‘q qilish bo‘yicha hal qiluv qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida, Bojxona qo‘mitasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi, viloyat adliya boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ushbu mahsulotlar belgilangan tartibda yoqib yuborish orqali yo‘q qilindi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning dastlabki 5 oyida Termiz shahrida 122 ta oilaviy ajrim qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 13 taga oshgan.
Shu bilan birga, joriy yilning 5 oyida nizoli oilalardan 39 tasi yarashtirilib, 54 nafar bolaning yetim qolishining oldi olindi.
Oilalarni saqlab qolish maqsadida “Oqila ayollar” harakati a’zolari, otinoyilar, “Buvijonlar maktabi” vakillari hamda mahalla faollari tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Yarashtirilgan oilalarning kundalik hisobi yuritilib, holatlar muntazam tahlil qilinmoqda.
Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasida joriy yilning 8-iyun kuni Surxondaryo viloyati Moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha boshqarma va tashkilotlarning komplaens-nazorat tuzilmalari xodimlari ishtirokida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda bu boradagi amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi U.Saidov, viloyat hokimligi mas’ul xodimi Sh.Eshimov, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi G.Kravchenya, viloyat prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`limi tergovchisi A.Xoliyorov, viloyat adliya boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha bosh maslahatchi Sh.Mirzayev ishtirok etdi.
Tadbir davomida korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy mexanizmlari, komplaens-nazorat tizimining vazifalari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan amaliy misollar asosida fikr almashilib, sohaga oid dolzarb savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Mazkur seminar davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, komplaens-nazorat tizimlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.