Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

RESURS SOLIQLARI VA MOL-MULK SOLIG‘I TAKOMILLASHTIRILMOQDA


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi PF-6121-son “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

 Ushbu Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkasiga 0,5 dan 2,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni qo‘llagan holda yer solig‘i stavkalarini belgilaydi;

tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Jo‘qorg‘i Kenges va viloyatlar Kengashlari tomonidan belgilangan, Toshkent shahri bo‘yicha esa – Soliq kodeksida belgilangan yer solig‘i stavkalariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, mavze, mahalla, ko‘cha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni kiritishga haqli.

Tuzatishlar bilan Soliq kodeksiga yer solig‘i stavkalari respublikaning hududlari kesimida kiritiladi. Bunda, 2021 yilda soliq yukining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida:

·                     jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2020 yil uchun hisoblangan soliq summasining
1,3 baravaridan oshmasligi lozim;

·                     2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i summasi 2020 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.

Bundan tashqari, 2021 yilda resurs soliqlari va mol-mulk soliqlarini takomillashtirish doirasida:

·                     dehqon xo‘jaliklari va meva‑sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalariga yer solig‘ini hisoblashda yer solig‘i stavkasini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun o‘rnatilganidek belgilagan holda, joylashgan joy va yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekin turlari koeffitsientlari hamda qishloq xo‘jaligi ekinzorlari normativ qiymatidan kelib chiqib hisoblash tartibini joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarga soliq solish tartibini birxillashtiriladi;

·                     barcha turdagi chiqindilarni saqlash va ularni utilizatsiya qilish uchun ajratilgan yer uchastkalarini yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i uchun soliq solish ob’ektidan chiqariladi;

·                     tegishli suvni hisoblash hisoblagichlari mavjud bo‘lganda, ishlab chiqarish jarayonida agregatlarni (turbinalarni) sovutish uchun suvdan foydalanuvchi yuridik shaxslarga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha soliqqa tortish bazasini tabiiy suv ob’ektlaridan olingan va tabiiy suv ob’ektlariga qaytarib tashlangan suv hajmi o‘rtasidagi farqdan kelib chiqib hisoblanadi;

·                     kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 2020 yil darajasida saqlab qolinadi, qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish va baliqlarni ko‘paytirish (yetishtirish) uchun foydalanilgan suv hajmi qismida esa, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklariga 1 m3 uchun 40 so‘m miqdorida yagona soliq stavkasini belgilanadi;

·                     suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarishda turli maqsadlarda foydalaniladigan suv resurslari hajmining hisobini alohida-alohida yuritish tartibini kiritiladi;

·                     yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan soliq organlariga foydali qazilmalar zaxirasi harakati to‘g‘risidagi hisobotni yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha yillik soliq hisobotini taqdim etish bilan bir vaqtda - soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron ko‘rinishda taqdim etadi.

 Davlat soliq qo‘mitasi foydali qazilmalarni haqiqiy qazib olishga nisbatan qo‘llaniladigan va foydali qazilmalarni me’yordan ortiq yo‘qotish to‘g‘risidagi geologik-marksheyderlik ma’lumotlarining haqqoniyligini nazorat qilish uchun zarur uskunalarni xarid qilgan holda viloyatlar soliq boshqarmalarining shtat birliklari doirasida 3 shtat birligigacha marksheyderlarni jalb qilish huquqiga ega bo‘ldi. Soliq organlari endi vakolatli organ va sudlarga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan soliq qonunchiligi muntazam ravishda buzilgan va (yoki) foydali qazilmalar zaxirasi harakati to‘g‘risidagi hisobot taqdim etilmagan taqdirda litsenziyani chaqirib olish yoki to‘xtatib turish masalasi bo‘yicha tashabbus bilan chiqishlari mumkin.

 Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan “Xavfsiz daryo” DUKga daryo o‘zanlarini tozalash natijasida olingan qum-shag‘al materiallarining har 1 m3 uchun to‘lov miqdori shartnoma tuzilgan kundagi BHMning 2%idan 0,1%iga tushiriladi. Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari ham qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

 Mol-mulk va yer soliqlarini bino, inshoot va yer uchastkalarining bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida hisoblash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi:

·                     birinchi bosqichda (2021–2023 yillar) – ko‘chmas mulk bo‘lgan turar joy fondi ob’ektlari (kvartira, yakka tartibdagi uy-joylar, dala-hovli), shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan;

·                     ikkinchi bosqichda (2022–2024 yillar) – yashash uchun mo‘ljallanmagan alohida ko‘chmas mulk ob’ektlari, shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan.

 Ko‘chmas mulk ob’ektiga yuridik yoki jismoniy shaxs egaligida bo‘lishi emas, balki ularning kadastr qiymatidan va ob’ektning foydalanish maqsadidan kelib chiqqan holda soliq solinadi. Yer solig‘i bo‘yicha advalor stavka kiritiladi.

 2021–2022 yillarda quyidagi “tajriba-sinov” hududlarida yer uchastkalaridan foydalanilishiga va kapital qurilish ob’ektlarining belgilangan maqsadiga qarab ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymatiga asoslangan kadastr qiymatini aniqlash bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi:

·                     turar va noturar (tijoriy) joylarga mo‘ljallangan ko‘chmas mulk ob’ektlari – Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani;

·                     sanoat ob’ektlari – Navoiy viloyati Navoiy shahri;

·                     rekreatsion zonalar va alohida qo‘riqlanadigan hududlar ob’ektlari – Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani;

·                     qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan ob’ektlar – Buxoro viloyati Romitan tumani.

Shu bilan birga, ushbu Farmonda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga 2022 yil 1 yanvarga qadar ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr qiymatini ularning bozor bahosiga asoslangan holda aniqlash, har bir egalik qiluvchiga (foydalanuvchiga) tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bazasini yaratish uchun axborot tizimini takomillashtirish, ko‘chmas mulk ob’ektlarini ularning bozor bahosidan kelib chiqqan holda sifatli baholashdan o‘tkazish metodikasini ishlab chiqish belgilangan.

N.Mamadiyev

Boysun tuman adliya bo‘limi boshlig‘i