Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 451 11 48

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

Adliya organlariga ishga kirish tartibi va shartlari haqida xabardor qilamiz


 Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasiga ishga kirish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2020 yil 24 martdagi 68-um-son buyrug‘ining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Adliya organlari va muassasalarida HR-menejment tizimi to‘g‘risida” gi nizomda berilgan

 Adliya organlari va muassasalariga xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov asosida olinadi. Adliya organlari va muassasalariga xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov (bundan buyon matnda tanlov deb yuritiladi) adliya organlari va muassasalarining kadrlar tarkibini ishchanlik, shaxsiy va axloqiy fazilatlari, ma’lumoti darajasi va sog‘lig‘iga ko‘ra yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishga layoqatli bo‘lgan xodimlar bilan ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi.

Tanlov adliya organlari va muassasalarining rahbarlari tomonidan tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan meritokratiya, ochiqlik va mustaqillik tamoyillari asosida o‘tkaziladi.

Maxsus komissiya tegishli adliya organi yoki muassasasi xodimlari orasidan kamida besh kishidan iborat tarkibda bir yil muddatga tuziladi.

Maxsus komissiya tarkibiga kelishuvga asosan markaziy apparat xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud va jamoatchilik vakillari kiritilishi mumkin.

Maxsus komissiya rais rahbarligida faoliyat ko‘rsatadi.

Adliya organlari va muassasalarida tegishli rahbar maxsus komissiya raisi hisoblanadi. Maxsus komissiya tarkibiga kiritilgan rahbar o‘rinbosarlaridan biri komissiya raisi o‘rinbosari etib tayinlanadi.

Adliya vazirligining maxsus komissiyasi tarkibi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

Adliya vazirligining maxsus komissiyasining va Maxsus komissiyasining ishchi organi hamda maxsus komissiya kotibi adliya organlari va muassasalarining kadrlar sohasiga mas’ul tarkibiy bo‘linmasi (bundan buyon matnda Ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi. Maxsus komissiya yig‘ilishi a’zolarining kamida 2/3 (uchdan ikki) qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Tanlov quyidagi bosqichlardan iborat:

nomzod bilan uning nazariy bilimlari va kasbiy layoqatini aniqlash yuzasidan suhbat o‘tkazish;

vazirlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlar bo‘yicha nomzodni markaziy apparat bilan kelishish.

Tanlov jarayonlari audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadi.

Tanlov jarayonlari o‘tkazilayotgan joyda Maxsus komissiya a’zolari, Ishchi organ vakillari va nomzoddan tashqari begona shaxslarning hozir bo‘lishiga ruxsat berilmaydi.

O‘tkazilgan har bir tanlov bo‘yicha materiallar, shu jumladan tanlov o‘tkazish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar yozilgan saqlash qurilmalarda (disklar) Ishchi organning alohida yig‘ma jildiga tikiladi va bir yil davomida saqlanadi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar yuqorida qayd qilingan Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda ariza bilan tegishli adliya organi yoki muassasasiga murojaat qiladi.

Tanlovda ishtirok etish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

xodimning shaxsiy varaqasi (yuqorida qayd qilingan Nizomning                  29-ilovasiga muvofiq ma’lumotnoma-ob’ektivka);

diplom (diplomdan ko‘chirma)ning nusxasi, chet elda o‘qigan bo‘lsa, diplomi tan olish va nostrifikatsiyadan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurslarida ta’lim olayotganlar bundan mustasno;

nomzodning pasport nusxasi.

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar elektron shaklda yuborilishi ham mumkin.

Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan tartibda tegishli adliya organi yoki muassasasining devonxonasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ishchi organ tomonidan e’londa belgilangan hujjat qabul qilish muddati tugagandan so‘ng 15 kalendar kun muddatda nomzodning hujjatlari yuqorida qayd qilingan Nizomning 5-bandi va lavozimga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiq kelishi, ish joyi va o‘qish joyidan nomzod haqidagi ma’lumotlarni dastlabki tarzda o‘rganib chiqilishi lozim. O‘rganib chiqish natijalariga ko‘ra, Ishchi organ Maxsus komissiya raisi bilan kelishilgan holda tanlov o‘tkazish kunini belgilaydi.

Tanlov o‘tkazish kuni, vaqti va joyi haqidagi xabarnoma nomzodga tanlov o‘tkaziladigan kundan kamida besh kun oldin elektron yoki yozma ravishda yuboriladi.

Tanlov kuni aniq bo‘lgandan so‘ng bir ish kunida adliya organlari va muassasalari mavjud vakant lavozim bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etadigan nomzodlar ro‘yxatini va ular haqidagi ma’lumotlarni markaziy apparatning Kadrlar boshqarmasiga elektron ko‘rinishda yuboradi.

O‘rganish jarayonida nomzodni adliya organlari va muassasalariga ishga qabul qilish uchun to‘sqinlik qiluvchi holatlar qonun hujjatlarida mavjudligi aniqlansa, nomzodga bu haqda asoslantirilgan javob xati Ishchi organ tomonidan tayyorlanadi va Maxsus komissiya raisi tomonidan imzolanib, nomzodga yuboriladi.

Nomzod o‘zining arizasiga asosan tanlovda ishtirok etishdan bosh tortgan taqdirda taqdim etilgan hujjatlar qaytarib beriladi.

Nomzod yuqorida qayd qilingan Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan talablarga mos kelmaganida, ishga kirish uchun hujjatlar o‘z vaqtida to‘liq taqdim qilinmaganda yoki bila turib soxta hujjatlar yoxud yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilish rad etiladi.

Ishga qabul qilingan xodim tomonidan ishga kirish jarayonida bila turib soxta hujjatlar yoxud yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganligi aniqlangan hollarda ushbu xodimni xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi hamda uning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar prokuratura organiga yuboriladi.

Tanlov boshlangunga qadar Ishchi organ tomonidan nomzoddan sog‘lig‘i holati so‘raladi. O‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan nomzodlar tanlovga qo‘yilmaydi. Bunday holatda dalolatnoma tuziladi va unga navbatdagi tanlovda ishtirok etish huquqi tushuntiriladi.

Ishchi organ Maxsus komissiya a’zolari va nomzodlarga vakant lavozimlar haqidagi e’lon joylashtirilgan joy va sana, hujjatlarni topshirish muddatlari, tanlovda ishtirok etish uchun kelib tushgan arizalar soni, shundan rad qilinganlar va ularning sabablarini hamda tanlov kuni hozir bo‘lgan nomzodlarning ro‘yxatini o‘qib eshittiradi.

33. Test savollari 20 xil variantda 30 tadan savol, har bir savolga                4 ta (“A”, “B”, “C”, “D”) javoblardan iborat bo‘lib, Ishchi organ tomonidan davlat tilida tayyorlanadi.

Test sinovi soha xususiyatini inobatga olib o‘rta maxsus yoki oliy ta’limning tegishli yo‘nalishidagi fanlarning o‘quv dasturlariga muvofiq, mantiqiy fikrlash, axborotni tizimga solish, uni tahlil qilish va umumlashtirish, amaliy miqdoriy masalalarni yechish qobiliyatini baholashga qaratilgan savollardan iborat bo‘ladi.

Bunda savollar huquqiy, siyosiy, mantiqiy, qiyosiy turlarga bo‘linadi. Huquqiy savollar nomzodning huquqiy sohadagi bilimlarini, siyosiy savollar amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlardan xabardorligini aniqlashga qaratilgan bo‘lsa, mantiqiy savollar muayyan shart-sharoitdan kelib chiqib, aniq fikrlash va to‘g‘ri xulosa chiqarish, sonli va shaklli qonuniyatlarga e’tibor berishga, qiyosiy savollar esa, o‘zaro bog‘liqlikni hamda turli tushuncha va jarayonlar o‘rtasidagi o‘xshashlikni sezish qobiliyatini aniqlashga qaratilgan.

Test savollari, ularning javoblari va javoblar blankalari Ishchi organida saqlanadi hamda u savollar va javoblarning to‘g‘riligi, testlar va javoblarning oshkor bo‘lib ketmasligi uchun mas’ul hisoblanadi.

Ishchi organ tomonidan nomzodga test sinovlari o‘tkazishning qisqacha maqsadi, mazmuni va tartibi tushuntiriladi. Shundan so‘ng nomzodga test savollari variantini tanlash taklif qilinadi va yuqorida qayd qilingan Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi javoblar varaqasi tarqatiladi. Har bir javob varaqasi Maxsus komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Nomzodga test savollariga javob berish uchun 30 daqiqa vaqt beriladi.

Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanishi lozim. Javoblar varaqasining to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun nomzod shaxsan javobgar hisoblanadi.

To‘ldirilgan javoblar varaqasi nomzodning bilim darajasini belgilovchi hujjat hisoblanadi va uning shaxsiy hujjatlari bilan birga saqlanadi.

Test savollariga javob berish jarayonida nomzodlarga quyidagilar taqiqlanadi:

qonun hujjatlaridan, ma’lumot beruvchi va maxsus adabiyotlardan, har qanday turdagi texnika vositalaridan yoki boshqa materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanish;

boshqa shaxslar bilan suhbatlashish;

javoblar varaqasini topshirgunga qadar test savollari o‘tkazilayotgan xonadan ruxsatsiz tashqariga chiqish.

Mazkur talablarga rioya qilmagan nomzod test jarayonini o‘tkazish tartibini buzgan deb topiladi va uni tanlovda qatnashishdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladi. Ushbu holatda Ishchi organ tomonidan yuqorida qayd qilingan Nizomning 9-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma rasmiylashtiriladi va komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi.

Javoblar varaqasi sinov uchun belgilangan vaqt tugagunga qadar yoki tugashi bilan sinov kuzatuvchisi bo‘lgan Ishchi organga topshiriladi.

Ishchi organ nomzoddan javoblar varaqasini olgandan so‘ng test sinovi natijasida to‘plangan ballarni Komissiya raisiga va nomzodga o‘qib eshittiradi. Bunda nomzodlarning har bir to‘g‘ri javobi uchun bir ball beriladi.

Test sinovi natijasiga ko‘ra kamida 71 foiz savollarga to‘g‘ri javob bergan nomzod keyingi bosqichga, ya’ni nomzodning nazariy bilimlari va kasbiy layoqatini aniqlash yuzasidan suhbatga chaqiriladi.

Nomzodning nazariy bilimlari va kasbiy layoqatini aniqlash, uning lavozim kasb faoliyatiga bog‘liq qonunchilik sohasi, umumiy qonunchilik asoslari, amaliyotda ko‘p uchraydigan muammoli holatlar (kazuslar)ning yechimi bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi.

Bunda nomzod savollar qo‘yilgan uchta qutichadan bir donadan savollarni jami uchta savolni tasodifiy tanlash yo‘li bilan oladi. Qutichadan olingan savollarni o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har bir quticha ichida 50 tadan savollar joylashtiriladi.

Savollarga tayyorlanish uchun nomzodlarga 10 daqiqagacha vaqt ajratiladi.

Nomzod tushgan savollarga javob bera olmasa yoki berilgan javoblar asosida nomzodning bilim darajasini aniqlashning imkoniyati bo‘lmasa, Maxsus komissiya raisining ruxsati bilan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin. Qo‘shimcha savollar oldingi savollarga berilgan javoblarni aniqlashtirish maqsadida berilishi va oldingi savollar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.

Nomzod tomonidan berilgan javoblar aniq, lo‘nda va aynan savol mazmuni bilan mos bo‘lishi hamda bitta savolga javob berish davomiyligi ikki daqiqadan oshmasligi lozim. Qo‘shimcha savollar berilgan holatlarda suhbat davomiyligi yana o‘n daqiqagacha uzaytirilishi mumkin.

Tanlov e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rnining xususiyatidan kelib chiqqan holda boshqa soha mutaxassislari ham nomzodga savollar berish va javoblar bo‘yicha
o‘z xulosasini bayon etish uchun ovoz berish huquqisiz taklif etilishi mumkin.

Test sinovida va suhbatda beriladigan savollar ro‘yxati Maxsus komissiya raisi tomonidan tasdiqlanib, vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi hamda qonunchilikda, shuningdek jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida bo‘layotgan muhim o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda har yili yangilab boriladi.

 

Suhbat natijalari bo‘yicha har bir savol o‘n ballik tizimda baholanadi.

Javoblarni baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

0 ball – savolga javob berolmaslik;

1-3 ball – savol bo‘yicha umumiy tushunchaga ega emasligi;

4-7 ball – savolga umumiy yoki qisman javob berish;

8-10 ball – savolga to‘liq va atroflicha javob berish.

Bunda Maxsus komissiya a’zolarining har biri suhbat natijasi bo‘yicha har bir savol yuzasidan nomzodga yuqorida qayd qilingan Nizomning 8-ilovasiga muvofiq shakldagi baholash varaqasiga ball qo‘yadi. Maxsus komissiyaning har bir a’zosi alohida baholash varaqasini to‘ldiradi. Baholash varaqasini komissiyaning boshqa a’zolariga ko‘rsatish taqiqlanadi va ballarni o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Suhbat yakunlari bo‘yicha komissiya a’zolari tomonidan nomzodga qo‘yilgan ballar yuqorida qayd qilingan Nizomning 8-ilovasidagi jadvalga muvofiq umumlashtirish va o‘rtacha ball hisoblab chiqarish uchun Ishchi organga beriladi. Ishchi organ tomonidan nomzodga qo‘yilgan ballar yuqorida qayd qilingan Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi javoblar varaqasiga qayd qilinadi.

Nomzod tomonidan to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning               56 foizi va undan yuqorisini to‘plaganda nomzod lavozimga tavsiya etiladi. Nomzod tomonidan to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning                        55 foizidan kam ball to‘plaganda komissiya a’zolari tomonidan nomzod suhbatdan o‘tmagan deb e’tirof etiladi.

Maxsus komissiya suhbat natijasiga muvofiq nomzodni topshirgan vakant lavozimdan boshqa bir vakant lavozimga ishga qabul qilishga tavsiya qilish huquqiga ega.

Surxondaryo viloyat adliya

boshqarmasi kadrlar bo‘limi