Янгиликлар
Sayyor sud majlisida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi, shahar prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi hamkorligida sayyor sud tashkil etildi.
Sayyor sud majlisida voyaga yetmagan farzandlari uchun alimentni to‘lashdan bo‘yin tovlagan besh nafar shaxslarga nisbatan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.
Ish hujjatlari tahlil qilinganda, qarzdorlar Davlat ijrochisining bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay aliment pullarini to‘lashni paysalga solib, aliment to‘lovidan qochib yurganligi aniqlandi.
Ulardan biri, Termiz shahar “To‘proqqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi qarzdor F.A bo‘lib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2021 yil 14 sentabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, undiruvchi Yu.O foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlarining ta’minoti uchun ½ qism miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lib, qarzdor F.A. besh oydan ortiq muddat maboynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlariga 2.679.888 so‘mlik aliment to‘lovi to‘lashdan bo‘yin tovlagan.
Sud majlisida farzandi oldidagi mas’uliyatini esidan chiqarib, otalik burchini unutgan huquqbuzarlar sud qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biriga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Konstitutsiyamizning 64-moddasida, Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburiligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shunday ekan, har bir ota-ona bolalar davlatimizning ertangi kelajagi ekanligini chuqur his etgan holda oilada sog‘lom muhit yaratishga mas’ul ekanliginini unutmasligi kerak.
Ikrom Shaymanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Termiz shahar sudining raisi