Янгиликлар
Jazoni ijro etishdan bo‘yin tovlagan mahkumning axloq tuzatish ishlari jazosi boshqa turdagi jazo bilan almashtirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2021 yil 4 avgustdagi hukmiga ko‘ra, O‘rinov Axmad Tolibovich (ism, sharifi o‘zgartirilgan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan aybli deb topilib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
A.Urinov 2021 yil 4 sentabr kuni Termiz shahar IIB Probatsiya guruhida ro‘yxatga olinib, uning jazo o‘tayotganligi tekshirish maqsadida ish joyi o‘rganilganda, mahkum A.Urinov Termiz shahrida joylashgan “BIO TEXNO EKO” mas’uliyati cheklangan jamiyatga ishlash joylashish uchun 2021 yil 12 oktabrda yo‘llanma berilib, unga jazoni o‘tash qonun-qoidalari va shart sharoitlari to‘g‘risida takroran tushuntirilgan. Biroq mahkum A.Urinov 2021 yil 12 oktabrdan 2022 yil 18 fevralga qadar hech qanday uzrli sabablarsiz belgilangan ish joyiga bormasdan yurganligi aniqlangan va unga jazoni o‘tash qonun-qoidalari va shart sharoitlari to‘g‘risida takroran tushuntirilib, rasmiy ravishda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, 2021 yil 12 oktabrdan 2022 yil 18 fevralga qadar tayinlangan axloq tuzatish ishi jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlab kelganlik holatlari aniqlangan.
A.Urinov axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tash tartib-qoidalarini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlab, probatsiya inspektorning tushuntirishlariga parvo ham qilmagan.
Shu sababli sud, mahkum A.Urinovni axloqan tuzatish, uning kelgusida og‘ir oqibatli yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 46-moddasi 4-qismiga asosan o‘talmagan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosi bilan almashtirildi.
Ikrom Shaymanov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Termiz shahar sudining raisi