Янгиликлар
Yerni xususiylashtirish tartibi belgilandi.
Yer nafaqat inson uchun, balki butun jonli mavjudot uchun oziq-ovqat yetishtirish, yashash tarzini belgilab beruvchi birinchi manba hisoblanadi. Azal-azaldan odamlar unumdor yerlarni egallashga, o‘zlashtirishga harakat qilishgan. Sobiq ittifoq davrida odamlarning yerga mulk sifatida egalik qilish huquqi mavjud bo‘lmasdan, barcha yerlar davlat mulki hisoblanardi.
Oxirgi yillarda davlatimizda yerga munosabatni o‘zgartirish, xususiy mulk sifatida foydalanishni rivojlantirish maqsadida xususiylashtirish bo‘yicha qonun normalarini qabul qilish uchun choralar ko‘rildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-son Farmonining 2-bandida, 2021 yil 1 avgustdan boshlab, yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida ajratilishi belgilandi.
Yerni xususiylashtirish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevralda 71-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy Reglament tasdiqlandi.
Mazkur Reglament O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilab beradi.
Reglamentning 6-bandiga asosan, yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun ariza beruvchilar yer uchastkasi joylashgan tegishli hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelgan holda murojaat qiladilar yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadilar.
Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilganda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilganda esa — ariza beruvchining o‘zi mustaqil ravishda Reglamentga ilova qilingan shakllarda ariza to‘ldiradi.
Yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi arizaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (ariza beruvchining vakili murojaat qilgan hollarda); yuridik shaxsning tegishli boshqaruv organining yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarori(ariza beruvchi — yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga muvofiq zarur bo‘lsa) ning skaner qilingan nusxasi ilova qilinishi kerak.
Mazkur davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida, YaIDXP orqali murojaat etilganda, ko‘rsatilgan yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.
Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan yer uchastkasiga mulk huquqini beruvchi davlat orderi berilguniga qadar uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning arizasi ko‘rib chiqilmaydi yoki davlat xizmatini ko‘rsatish to‘xatiladi. Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun qabul qilingan ariza ko‘rib chiqilganligi uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tuman (shahar) qurilish bo‘limi, Davlat kadastrlari palatasi tuman (shahar) filiali yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi arizani kelishadi yoki uni kelishish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xabar beradi.
Xususiylashtirilayotgan yer uchastkasini sotib olish qiymati milliy valyutada tegishli me’yorlar bo‘yicha hisoblanadi.
Ariza beruvchi to‘lov yuzasidan xabarnomani olgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida yer uchastkasini xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshirishi zarur.
Yerlarning xususiylashtirilishi fuqarolarning yerga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirishga hamda mulk daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Adliya boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i
B.Gaffarov