Янгиликлар
Odam savdosi- og‘ir jinoyatdir.
Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sharoitida xavfsizligimizga hamda ijtimoiy-ma’naviy barqarorligimizga rahna soluvchi illatlardan biri bo‘lgan odam savdosi – bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylandi.
O‘zbekistan Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Konstitutsiyaning 24-moddasida, “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, – deb e’tirof etilgan. Bugungi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko‘ruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Ya’ni, yengil yo‘l bilan daromad topish istagida jinoyat sodir etish – ikki toifadagi odamlarni ham halokat domiga tortmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.
So‘nggi yillarda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanmoqda. Bunga – bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi, turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani hamda chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi, farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyojlar ko‘pligi va shunga o‘xshash boshqa holatlar sabab bo‘lmoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni bu boradagi vaziyatdan ogoh etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kun talablaridan kelib chiqib, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g‘ayriqonuniy va g‘ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yo‘qqa chiqarilishi – kechirib bo‘lmas og‘ir jinoyatdir.
Ikrom Shaymanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Termiz shahar sudining raisi