Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 451 11 48

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

Soliq organlari faoliyati o‘rganildi.


Adliya boshqarmasi tomonidan viloyat davlat soliq boshqarmasi tizimida o‘tkazilgan o‘rganish davomida soliq to‘lovchilarning huquqlari buzilayotganligi holatlari aniqlandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 27-moddasi, birinchi qismi, yettinchi xatboshiga asosan, soliq organlarining majburiyatlariga soliq to‘lovchilarga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni ijro etishida yordam berishi, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini va soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibini tushuntirishi ham kiradi.

Soliq organi tomonidan tadbirkorlik subektlariga soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibi tushuntirilmaganligi sababli, ayrim soliq to‘lovchilar belgilangan imtiyozlardan foydalanmasdan kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ−5017-son Qarorining 1-bandi, to‘rtinchi xatboshida, 2021-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-yanvarga qadar naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar stavkasi 50% miqdorida qo‘llanilishi lozim bo‘lsada, mazkur imtiyozlar qo‘llanilmaganligi holatlari aniqlandi.

Jumladan, Bandixon tumanidagi “T” chorva naslchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligiga 2021 yilda 750 000 so‘m foyda, 25 887 239,41 so‘m yer, 727 291,86 so‘m mol-mulk va 204 000 so‘m suv resurslaridan foydalanganlik uchun jami 155 214 231,76 so‘m soliq hisoblangan bo‘lib, 50% miqdorida imtiyoz qo‘llanilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-iyundagi “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ−5146-son Qarorining 6-bandi, ikkinchi xatboshiga asosan, 2021-yil 1-iyuldan boshlab 2024-yil 1-iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar stavkasi 50% miqdorida qo‘llanilishi lozim bo‘lsada, mazkur soliq imtiyozlari qo‘llanilmaganligi holatlari aniqlandi.

Xususan, Boysun tumanidagi “S” parrandachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligiga 2021-yilda 1 646 955 so‘m yer va 78 000 so‘m mol-mulk, jami 1 724 955,00 so‘m soliqlar hisoblangan bo‘lib, 50% miqdorida imtiyoz qo‘llanilmagan.

Soliq kodeksining 87-moddasi, birinchi qismi, birinchi xatboshiga asosan, soliq to‘lovchi tomonidan soliq to‘langanda yoki soliq agenti tomonidan o‘tkazib berilganda soliq majburiyati tugatiladi.

Soliq to‘lovchilarning qarzdorligi bo‘lmagan holatlarda ham hisob raqamiga inkasso topshiriqnomasi qo‘yish orqali mablag‘ yechib olinganligi oqibatida, ular ortiqcha to‘lovlarni qaytarish bo‘yicha soliq organiga murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda.

Masalan, “A” xususiy korxonasi rahbari K.J. 2021-yil 30-iyulda, 2021-yil 29-iyul holatiga QQS bo‘yicha 71 303 544,05 so‘m va foyda solig‘i bo‘yicha 79 144 403,32 so‘m ortiqcha to‘lovi mavjudligi, shunga qaramasdan 2021-yil 30-iyul kuni 9426011719-sonli to‘lov talabnomasi orqali foyda solig‘iga 56 855 596,86 so‘m va 9426011720-sonli to‘lov talabnomasi orqali QQS 82 189 255, 35 so‘m asosiy hisob raqamdan asossiz yechib olinganligi sababli, ushbu mablag‘larni qaytarishni so‘ragan.

“A” korxonasining shaxsiy hisob varaqasi o‘rganilganida haqiqatdan ham ortiqcha to‘lovi mavjud bo‘lgan holatda mablag‘ hisob raqamidan yechib olinganligi aniqlandi. Mazkur inkasso topshiriqnomasi qo‘yilishiga sabab, 2021 yil 30 aprelda 462-sonli dalolatnomaning ShHVga kiritilishi sabab bo‘lgan.

2021-yil 3-avgust kuni QQSdan 82 189 255 so‘m, foyda solig‘idan 56 855 596 so‘mni qaytarish bo‘yicha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olish, qaytarish hamda hisobini yuritish ijrosi yuzasidan aylanma varaqa tayyorlangan.

“M” MChJ 2021-yil 15-oktabrda 2020-yil dekabr oyida o‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha 2021-yil 7-yanvarda hisob raqamidan 2 605 200 so‘mni kassa apparati jarimasi deb o‘tkazganligi, 2021-yil 14-oktyabr kuni hisob raqamidan 5 105 200 so‘m noto‘g‘ri kesib olinganligini, shu noto‘g‘ri kesib olingan pul mablag‘ini hisob raqamiga qaytarishni so‘ragan.

“M” MChJning shaxsiy hisob varaqasi o‘rganilganida haqiqatdan ham 5 105 200 so‘m 2021-yil 14-oktabr kuni 9502083504-sonli to‘lov talabnomasi orqali undirilganligi va 2021-yil 4-noyabr kuni 1002791792-sonli xulosaga asosan qaytarilganligi aniqlandi.

Soliq kodeksining 103-moddasi, birinchi-uchinchi qismlariga ko‘ra, soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasi soliq to‘lovchining qarzi bo‘lmagan taqdirda shu soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoxud ushbu soliq bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi lozim.

Soliq to‘lovchida soliq qarzi mavjud bo‘lgan taqdirda, ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliq summasi ushbu qarzni uzish hisobiga quyidagi ketma-ketlikda hisobga olinishi lozim:

1) mazkur soliq turining penyasi bo‘yicha qarz hisobiga;

2) boshqa soliqlar va ularning penyalari bo‘yicha qarzni uzish hisobiga;

3) soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun jarimalarni to‘lash hisobiga.

Ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra soliq to‘lovchiga to‘liq yoki qisman qaytarilishi mumkin.

“O” fermer xo‘jaligi rahbari Z.Q. 2020-yil 23-noyabrda “G‘alla-2020 2-Transh”dan yagona yer solig‘iga 9 010 000 so‘m ortiqcha o‘tganligi sababli, hisob raqamiga qaytarishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati organlarining “Elektron soliq xizmatlari” portali orqali murojaat qilgan.

Mazkur murojaatga 2020-yil 26-noyabrda 2020-yil 26-noyabr holatiga DSB ma’lumotlar bazasida xo‘jalikning jami soliq turlaridan 2 123 900 so‘m qarzi borligi, ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining qarzi bo‘lmagan taqdirda shu soliq to‘lovchiga qaytarilishini inobatga olgan holda qayta rozilik murojaatiga ko‘ra ortiqcha to‘lov oldin qarz qismiga qoplanib, qolgan qismi qaytarilishi ma’lum qilingan.

Deyarli ikki oydan so‘ng 2021-yil 19-yanvarda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olish, qaytarish hamda hisobini yuritish ijrosi yuzasidan aylanma varaqa tegishli bo‘lim rahbarlari tomonidan imzolangan hamda 999 293,68 so‘mni boshqa soliqlardan qarzni uzishga hisoblanib, 5 000 000 so‘m ortiqcha to‘lovni qaytarish belgilangan.

Yuqoridagi holatda soliq organi “O” fermer xo‘jaligining murojaatini belgilangan o‘n besh kunlik muddatni buzmaslik uchungina nomigagina javob xati yo‘llagan.

Surxondaryo viloyati shahar va tumanlarida 276 ta tadbirkorlik subyektlari ishtirokida 15 ta pozitsiya bo‘yicha o‘tkazilgan anonim so‘rovnomada, 64 nafari soliqqa tortish va soliqlarni to‘lashda muammolarga duch kelishini, 76 nafari soliq xizmatini tubdan o‘zgartirishga ehtiyoj bor bo‘lgan soha hisoblashini, soliq organining xizmat ko'rsatishini 139 nafari yaxshi, 104 nafari qoniqarli, 23 nafari qoniqarsiz baholashini, 27 nafari bir marotaba, 22 nafari tez-tez ortiqcha soliq undirish holatlari uchrab turishini, 17 nafari bir marotaba, 15 nafari tez-tez asossiz soliq qarzi yozish holatlari bo‘lganligini, 25 nafari bir marotaba, 5 nafari tez-tez soliqqa oid imtiyozlar qo‘llashda hamda imtiyoz qo‘llash bilan murojaatlari asossiz rad etilganligini, 96 nafari murojaatdan keyin ham ortiqcha undirilgan soliq to‘lovlari qaytarilmaganligini, 179 nafari doim murojaatdan keyin qaytarilganligini, 8 nafari soliq elektron dasturlari noto‘g‘ri ishlaganligi oqibatida faoliyatiga yetkazilgan zarar qoplab berilganligini, 7 nafari zararni qoplash keyingi davr soliqlarini to‘lash uchun va 3 nafari xozirgacha qoplab berilmaganligini bildirgan.

O‘tkazilgan o‘rganish davomida so‘rovnomada qayd etilgan holatlar haqiqatdan ham soliq organlari faoliyatida mavjudligini tasdiqladi.

Yuqorida qayd etilgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha adliya boshqarmasi tomonidan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i nomiga taqdimnoma kiriilib, ijrosi nazoratga olindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

hujjatlari ijrosini nazorat qilish

bo‘limi boshlig‘i B.Gaffarov