Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 451 11 48

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Ajabtovur hiyla


Ajabtovur hiyla

yohud ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumot tarqatgan sobiq kassirning qilmishlari fosh bo‘lgani xususida

Tezkor davrda yashayapmiz. Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Insoniyat taraqqiyot sari dadil odimlayapti. Globallashuv jarayoni har birimizdan qudratli kuch bo‘lgan so‘zga yanada e’tiborli va mas’uliyatli bo‘lishni talab qilmoqda.

Aksincha, mish-mishlar odamlarni chalg‘itadi, Shov-shuvlar xavotir va ikkilanishga sabab bo‘lib, barqarorlikka rahna solishi mumkin. Biroq uylamay gapiradigan va yolg‘on axborot tarqatayotganlar hamon uchrab turibdi.

Termiz shahrining “Bog‘zor” mahallasida istiqomat qiluvchi Jaxongir Qarshiev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham ana shunday kishilar toifasidan ekan. To‘g‘risini aytganda, “qahramon”imizning “kashfiyoti” ko‘pchilikning hayoliga ham kelmasligi mumkin. Ammo u ajabtovur hiylani shunday ustamonlik bilan amalga oshirganki, asti qo‘yavering ...

Xullas, Jaxongir Qarshiev 2020 yilning may oyi boshlariga qadar Termiz shahar hokimligida kassir lavozimida ishlagan. O‘z arizasiga ko‘ra 2020 yilning 12 may kuni u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Shundan keyin sobiq kassir “o‘zgacha faoliyat turi”ni yo‘lga qo‘yadi. Ya’ni, ishdan ketishda Termiz shahar hokimining birinchi o‘rinbosari G‘aybullo Ergashevni aybdor biladi va 2020 yilning iyul oyida “Damir Umirov”  akkaunti orqali “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida qo‘yidagi xabarni joylashtiradi ”... Termiz shahrida xalqni jonini sug‘urib oladigan shovvozimiz bor ekan, bilmay yurgan ekanmiz, tanishing Termiz shahar hokimining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari G‘aybullo Ergashev. G‘aybullo haqida qisqacha ma’lumot, G‘aybullo poraxo‘rlik faoliyatini g‘aznachilik bo‘linmasida ishlab yurgan kezlari boshlaydi. U keyinchalik Termiz shahar hokimi I.Xudoynazarovga 20 ming dollar berib hokim o‘rinbosari lavozimiga o‘tib oladi. Faoliyati davomida poraxo‘rlik, laganbardorlik va xotinbozlik uning asosiy xobbisiga aylanadi. Agar u tekshirilsa juda ko‘p jinoyatlari fosh bo‘ladi. Bozorqumlarni sog‘adi, ko‘p qavatli uylar hamda budjet mablag‘larini noqonuniy yo‘llar bilan talon-toroj qilib kelmoqda. Shahar moliya bo‘lim mudiri vaqtincha bajaruvchi A.Safarovdan doimiy, ya’ni mudir lavozimiga tayinlash uchun 10 ming dollarni G‘.Ergashev janoblari olgan, G‘aybullo markaziy hududlardagi yerlarni ham tanishlariga olib berib, bundan ham ancha foyda ko‘rgan. Bu poraxo‘r jinoyatchi ustidan xizmat tekshiruv o‘tkazishlarini so‘rab qolamiz...” Bular kamlik qilgandek, birinchi o‘rinbosarning surati ustida dollar belgisini qo‘yib, “poraxo‘r, o‘g‘ri, xotinboz” degan haqoratomuz so‘zlarni “bitgan”.

O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, deydi dono xalqimiz. Yuzlab kishi o‘qigan yoki eshitgan mazkur “chaqiriq”dagi imlo xatolar dilni ranjitsa, muqaddas tilimizga bo‘lgan hurmatsizlikdan afsuslanasan, kishi. Eng asosiysi, og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etganlik xususidagi shov-shuv allaqachon shahar hokimligi mutasaddilari hamda korxonalar rahbarlarining sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazib bo‘lgandi ham.

-Javoxir Qarshievni ish yuzasidan taniyman, deydi Termiz shahar hokimining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari G‘aybulla Ergashev. - 2020 yilning may oyida u ichki mehnat tartib-qoidalarini buzganini kadrlar bo‘limi boshlig‘i Ibroxim Tog‘aevga aytgandim. Umumiy yig‘ilishlarda ham doim e’tiroz bildirgan. Ishdan ketgandan keyin esa birdan uydirma tarqaldi. Aybsiz aybdor bo‘lib qolgandan keyin huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qildim. Dastlabki surishtiruv va tergov davomida u va onasi mendan kechirim ham so‘ragandi...

- To‘g‘risini aytsam, tarmoqda “doston” bo‘lgan voqeadan keyin Javohir Qarshievning kimligini bildim, deydi Termiz shahar moliya bo‘limi boshlig‘i Alisher Safarov. - Aslida, tegishli tartibda suhbat o‘tkazilgandan keyin boshliq bo‘lganman. Hech kimga pul yoki boshqa qimmatliklar berilgani yo‘q.

Huquqiy demokratik jamiyatda yashayapmiz. Har bir kishi jamoat ishlarida qatnashishi, voqea-hodisalarga holis munosabat bildirishi mumkin. Ammo yolg‘on axborot tarqatish va kimningdir sha’niga tegishga hech kimning haqqi yo‘q. Aks holda, qonun oldida javob berishga to‘g‘ri keladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2021 yil
15 sentabrdagi hukmi bilan aybdor, deb topilgan Jaxongir Qarshievga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari bilan 1 yilga ozodlikni cheklash jazosi, Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yilga axloq tuzatish ishlari jazosi, Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida 1 yil 1 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Shundan keyin sobiq kassir O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-3-qismlariga asosan oqlov hukm chiqarishlarini so‘rab shikoyat yozgan.

Holat Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan yana bir bor atroflicha ko‘rib chiqildi. Bildirilgan e’tirozlar “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Damir Umirov” akkaunti orqali tarqatilgan xabarlar kirish chiqish qo‘ng‘iroqlari bo‘yicha olingan ma’lumotnomalar, Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi ekspertiza-kriminalistika bo‘limining 2021 yil 29 dekabrdagi 1071-sonli xulosasi va boshqa qonuniy asoslar bilan rad etildi. Vajlar jinoiy javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida o‘ylab topilgani e’tirof qilingan holda 2022 yil 14 yanvardagi ajrim bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2021 yil 15 sentabrdagi hukmi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirmasdan qoldirildi.

S.Suvonqulov
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari
bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi