Янгиликлар
Maktab o‘qituvchilari mehnat faoliyati bo‘yicha duch keladigan ayrim huquqiy masalalar bo‘yicha savollar
O‘quv yili yakuniga yetib maktablarda yozgi ta’til boshlanmoqda. Maktab o‘qituvchilari mehnat faoliyati bo‘yicha duch keladigan ayrim huquqiy masalalar bo‘yicha savollarga Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Gaffarov Baxridin Kuchimovich javob berdi.
1-savol. Men 2021 yil sentabr oyidan maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga qabul qilindim. Menga mehnat ta’tili necha kun beriladi hamda ta’til puliga qaysi to‘lovlar qo‘shiladi ?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 143-moddasi, to‘rtinchi qismiga asosan, maktablar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik ta’til ularning mazkur o‘quv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda yozgi ta’til davrida to‘liq beriladi.
Siz o‘qituvchilar uchun belgilangan 48 kunlik ta’tildan yozda to‘liq foydalanasiz (albatta ta’til muddatini belgilashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan belgilangan qisqartirishlar hisobga olinishi lozim).
Mehnat ta’tilingizga haq to‘lashda esa ta’til puli Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-son qaroriga 6-ilova “O‘rtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish” Tartibiga asosan ishlagan davringizga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Ta’til pulini hisoblashda, ishbay asosida ishlab topilgan qo‘shimcha ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ish haqiga qo‘shimcha haqlar va ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha badallar hisoblanadigan boshqa to‘lovlar hisoblab chiqilishi kerak.
2-savol. Mehnat ta’tilida bo‘lgan davrimda maktab direktori o‘qituvchini ta’tildan chaqirib olishi mumkinmi ?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 147-moddasiga asosan, ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki ushbu Kodeksning 143-moddasi beshinchi, oltinchi va ettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilgan holda keyingi ish yilining ta’tiliga qo‘shib qo‘yilishi kerak.
3-savol. Pedagogik faoliyat bilan birga ilmiy ish qilayotgan o‘qituvchiga ish haqi saqlangan holda ta’til beriladimi ?
Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-son qaroriga 7-ilova Ijodiy ta’tillar berish Tartibiga asosan, ishlab chiqarish yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga muvaffaqiyatli olib boruvchi shaxslar uchun ilm toliblariga nomzodlik va doktorlik ilmiy darajalarini olish dissertatsiyalarini, shuningdek, darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar qo‘lyozmalarini tugallashlari uchun mualliflarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida asosiy ish joylaridagi o‘rtacha oylik ish haqlari va lavozimlari saqlangan holda:
nomzodlik dissertatsiyasini va darsliklar hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tugallashlari uchun mualliflarga 3 oygacha;
doktorlik dissertatsiyasini tugallash uchun 6 oygacha bo‘lgan muddatga ijodiy ta’tillar beriladi.
Ijodiy ta’tillarga haq to‘lash belgilangan mehnatga haq to‘lash fondi, shuningdek, ilmiy kadrlar tayyorlash uchun nazarda tutiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
4-savol. Yo‘qotilgan yoki nobud qilingan darsliklar uchun zarar qaysi tartibda hisoblanadi va kim tomonidan to‘lanadi ?
Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2577, 28.04.2014 yil)ning 51-bandiga muvofiq darsliklar yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalardan foydalanish usulidan qat’i nazar, ular yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoxud homiylar yoki o‘qituvchilar zararni xuddi shunday darslik yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan qoplaydi yoxud uning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko‘rsatilgan qiymatini quyidagi miqdorlarda to‘laydi:
birinchi sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning bir baravari miqdorida;
2 — 4 sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning ikki baravari miqdorida;
5 — 9 sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning to‘rt baravari miqdorida.