Янгиликлар
Mulk huquqi daxlsizdir.
Yaqin tariximizda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan mulklarning ommaviy buzilishi bilan bog‘liq holatlarga barcha hududlarda duch keldik. Uy-joyi va boshqa ko‘chmas mulklari buzilishga tushgan shaxslar kompensatsiya pulini hamda joyiga yer ololmasdan, ovora bo‘lganlari ayni haqiqatdir. “Mol achchig‘i-jon achchig‘i” tarzida ish tutib, boshqalar qolib, o‘ziga o‘t qo‘yganlar ham bo‘ldi.
Bu holatlarning sabablarini tahlil qilinsa, birinchi navbatda buzilishga tushgan uy-joy va ko‘chmas mulklar uchun kompensatsiya to‘lash manbai aniqlanmasdan “snos”lar amalga oshirilganligi ekanligi ochiq ko‘rinadi. Ikkinchidan, mulk egalari bilan buzish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha muhokama o‘tkazilmasdan, buzish kelishuvsiz amalga oshirilganligidir.
Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:
-mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
- respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’ektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti ob’ektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik ob’ektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’ektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining ob’ektlarni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
- davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.
Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.
Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlarini amalga oshirish uchun boshqa chora bo‘lmaganda – eng so‘nggi chora sifatidagina olib qo‘yilishi mumkin.
Qonunga asosan, yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati quyidagilar kompensatsiya qilinadi:olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulkning bozor qiymati;olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga bo‘lgan ijara huquqi mustasno);olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;ko‘chish, shu jumladan boshqa ko‘chmas mulkni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulkdan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda (bunda yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk bo‘shatib qo‘yilgan paytdan e’tiboran avvalgi faoliyatni tiklashgacha bo‘lgan, biroq 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi mumkin bo‘lgan foyda hisobga olinadi);huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlari.
Yer uchastkasi olib qo‘yilganligi munosabati bilan huquq egasiga noqulayliklar keltirib chiqarilganligi uchun kompensatsiya sifatida yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, huquq egasiga tegishli bo‘lgan, olib qo‘yilgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Shuningdek, turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan, ushbu turar joyga 15 yil (egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat) mobaynida xuddi o‘z mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, ushbu ko‘chmas mulk ob’ektlari uchun soliqlar to‘lab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk ob’ektlari qiymatining o‘rni qoplanadi.
Adliya boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i
B.Gaffarov