Янгиликлар
Yangi Konstitutsiyada tibbiy yordamning kafolatlari
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi keng qamrovli isloholotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad nafaqat soha xodimlari, balki xalq manfaatlari va umuman ijtimoiy himoya masalasini talab darajasida qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashda iborat. Xususan, qabul qilingan ko‘pgina qaror va farmonlar negizida sog‘liqni saqlash sohasining normativ-huquqiy bazasi yaratildi. Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha xalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida nazarda tutilgan qo‘shimcha normalar esa bevosita sog‘liqni saqlash sohasini huquqiy tartibga solishga hamda aholining sog‘lig‘ini saqlash borasidagi huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jumladan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga ko‘ra Konstitutsiyaning 40-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli ekanligi, davlat tomonidan sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, tibbiy sug‘urtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Shu nuqtayi nazaridan davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi. Bu esa, o‘z navbatida, ekologik jihatdan og‘ir bo‘lgan hududlarga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilishini, Konstitutsiya darajasida belgilanishi esa mas’uliyatni yanada oshirishni anglatadi.
Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyaga kiritish taklif qilinayotgan 401-moddaga ko‘ra har kim sog‘lom va qulay atrof muhitga, uning holati haqida haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga egaligi belgilab qo‘yilganligidan ham bilishimiz mumkinki, mazkur islohotlar avvalo “Inson qadri uchun” xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyat adliya
boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va
ma’rifat bo‘limi boshlig‘i
Q.Ulug‘ov