Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

Huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy: Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning zaruriyati va ularning umumiy mazmuni.


O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, 1-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Mazkur loyihaning matniga ko‘ra, “O‘zbekiston — suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat” ekani belgilanmoqda.

Ushbu qo‘shimcha bilan O‘zbekiston davlatining siyosiy-huquqiy maqomiga yangi uchta, ya’ni «huquqiy davlat», «ijtimoiy davlat» va «dunyoviy davlat» tushunchalari qo‘shimcha qilinmoqda.

Huquqiy davlat – bu demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlat. Qolaversa, qonunlarning butun davlat hududidagi ustuvorligi, hokimiyatlar vakolatining bo‘linishi, shaxs va davlatning o‘zaro ma’sulligi, inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishidir.

Ijtimoiy davlat – bu har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir.

Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki fuqarolik qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qliishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan o‘rnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanligini tavsiflaydi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini, insonning huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash, shuningdek sud-huquq, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sohalardagi islohotlarni ta’minlash bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, taklif etilayotgan tuzatishlar Konstitutsiyaning muqaddimasidagi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib kiritilmoqda.

Shunday normalar Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya, Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikistonning va boshqa davlatlarning konstitutsiyalarida ham mavjud.

Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 1-moddasida, “Rossiya Federatsiyasi respublika boshqaruv shakliga ega bo‘lgan demokratik federativ, huquqiy davlatdir” degan normalarning belgilanishi, shuningdek Qozog‘iston Konstitutsiyasida ham “Qozog‘iston Respublikasi o‘zining demokratik, dunyoviy, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligini tasdiqlaydi, inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari oliy qadriyatdir”, kabi normalarni ko‘rishimiz mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonda munosib yashash sharoitlarini yaratish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini, sifatli ta’limni ta’minlash, mamlakatning har bir fuqarosini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlariga aylandi. Davlat budjeti xarajatlarining deyarli yarmi ijtimoiy sohaga sarflanmoqda.

Davlat muhtoj shaxslarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, yoshlarga va keksalarga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari” vositasida yordam ko‘rsatish tizimi faol joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilab qo‘yish vaqti yetib kelganligini ta’kidlaganini alohida aytishimiz mumkin.

Surxondaryo viloyati Adliya boshqarmasi

Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo’lim boshlig‘i

Q.Ulug‘ov