Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Yarashuv tug‘risidagi qonunning mazmun moxiyati


Yarashganlik institutining joriy qilinishi tufayli ko‘plab fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Shu bilan birga, bilib-bilmay jinoyat sodir qilgan fuqarolar qonunchilikdagi bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, qilmishidan pushaymon bo‘lib, o‘zaro yarashib, to‘g‘ri xulosa chiqarmoqdalar.

Yarashganlik munosabati bilan jazodan ozod qilish amaliyoti 2001 yilda jinoyat kodeksiga 661-modda sifatida kiritilgan edi. Bu institut amaliyotda o‘zini oqladi va bugungi kunda ham samarali foydalanib kelinmoqda. Yarashganlik instituti joriy qilinishi tufayli juda ko‘p fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi va ozod qilinmoqda. Shu bilan birga bilib-bilmay jinoyat sodir qilgan fuqarolar qonunchilikdagi bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, qilmishidan pushaymon bo‘lib, o‘zaro yarashib, to‘g‘ri xulosa chiqarmoqda.

Sud statistikasi ma’lumotlari hamda yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, jinoyat qonunchiligiga ushbu institutning kiritilishi jinoiy huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita bo‘ldi. Mazkur institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining kengroq qo‘llanilishiga imkon yaratdi.

Joriy yilning 30 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun ma’qullandi. 2021 yil 4 oktabr kuni esa ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.

Tegishli qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 21-2-modda bilan to‘ldirildi. Kodeksning 12 ta moddasi yarashuv institutiga tushishi qayd etildi.

Ilgari taraflar yarashgan, o‘zaro kelishgan, zararlar qoplanib, o‘rtada adovat qolmagan holatlarda ham sud ma’muriy jazoga tortishga majbur edi.

Endilikda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi organ taraflarning yarashuvi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini sudga yuboradi. Sudda bu masala ko‘rib chiqilib, taraflar yarashganligi isbotlansa, ularni jazodan ozod qilib, ishni yakunlaydi. Biroq, yarashuvga tushuvchi huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs yana yarashuv munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Shuningdek, kodeksning 271-moddasi 10-1-band bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, huquqbuzar yarashuv instituti ta’sir doirasiga tushadigan ishlar bo‘yicha jabrlanuvchi bilan yarashgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, kodeks «Yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish» deb nomlangan 23-1-bob bilan to‘ldirildi.

Agar sud majlisi davomida yarashuv, aybga iqror bo‘lish ixtiyoriy emasligi, zararning o‘rnini qoplashni rad etish hollari aniqlangudek bo‘lsa, sud taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish to‘g‘risidagi qarorni bekor qiladi va ishni umumiy asoslarda ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, sodir etilgan qilmishda boshqa turdagi ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkibi belgilari mavjud bo‘lsa, sud yarashuv munosabati bilan yuborilgan qarorni bekor qiladi va ishni umumiy asoslarda ko‘rib chiqish uchun yuboradi.

Mazkur o‘zgarishlar izchil olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining davomi bo‘lib, insonparvarlik tamoyili tomon yana bir katta qadam bo‘ldi.

JIB Termiz shaxar sudining

sudya yordamchisi

                                                                                             N.Xasanova