Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 451 11 48

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Uy-joy ijarasi bo‘yicha imtiyozlar.


   Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish boshlanishi bilan uzoqdan kelgan aksar talabalar ijaraga uy izlashni boshlashadi. Talabalar yotoqxonasi hozir barcha hududlarda ham eng og‘riqli muammo sanaladi. Hukumatimiz tomonidan talabalarning ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish mexanizmini tartibga soluvchi normatvi-huquqiy hujjat qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.09.2021–yildagi 605–son qarori bilan tasdiqlangan Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida, davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishidan qat’i nazar, ijara huquqi asosida yashaydigan barcha talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismi belgilangan mezonlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

  Ariza beruvchi mustaqil ravishda quyidagi holatlardan kamida birini tasdiqlovchi ma’lumot yoki hujjatlarni ilova qilgan holda belgilangan shakldagi anketa-arizani ikki nusxada to‘ldirib, o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga topshiradi:

kam ta’minlangan oilalarning farzandlari bo‘lganligi (kam ta’minlangan oila deb topish tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri» avtomatlashtirilgan tizimi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi);

boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar (ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada o‘n olti yoshga to‘lmagan beshta va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar) farzandlari bo‘lganlar;

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;

vasiylik yoki homiylik belgilangan va oilaga tarbiyaga (patronat) olingan bolalar;

«Temir daftar»ga kiritilgan oila farzandi bo‘lganlar;

onasi «Ayollar daftari»ga kiritilgan oila farzandi bo‘lganlar;

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandi bo‘lganlar;

oila a’zolari «Mehnat-migratsiya» dasturida ro‘yxatdan o‘tganligi hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi;

ota-onasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganligi (bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan, shu jumladan, mehnat qilish qobiliyatini qisman yo‘qotgan);

oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandi bo‘lganlar;

davlat oliy ta’lim muassasasida o‘rnak ko‘rsatganligi va faol bo‘lganligi (xalqaro, respublika, hudud va ta’lim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar g‘oliblari, fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida faol qatnashganligi, jamoatchilik asosida targ‘ibot guruhlaridagi volontyorlik faoliyati). 

  Barcha talabgorlar yuqoridagi talablarga mos kelishi lozim, talabgorlar maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va maxsus komissiyaning ijobiy xulosasi asosida ularga ijara haqining bir qismi ya’ni Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravarida davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, Soliq kodeksining 378 – moddasi 19 prim 1 bandiga ko‘ra, soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga daromad solig‘i solinmaydi.