Янгиликлар
“Tadbirkorlik kodeksi” loyihasining navbatdagi muhokamasi Surxondaryo viloyatida tashkil etildi.
Viloyat doirasida faoliyat yuritayotgan tegishli idora va tashkilotlar xodimlari, shuningdek tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirokida qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan davra suhbati avvalida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i ishtirokchilarda muhokamalarda faol qatnashishlarini so‘rab, mazkur kodeks loyihasi viloyat tadbirkorlarini qiynab kelayotgan muammo va masalalarni ijobiy hal etishda muhim ahamiyat tutishi mumkinligi ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, Adliya vazirligidan tashrif buyurgan bo‘lim boshlig‘i bevosita mazkur kodeksni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi Dilshodbek Shodiyev, “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilishga qaratilgan Tadbirkorlik kodeksining mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritib, ushbu kodeksning asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor boʻlishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, xususiy mulk, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iboratligini aytib, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham kodeks normalarini takliflarni inobatga olgan holda yanada mukammlashtirish va umuman olganda tadbirkorlik subyektlarining chin ma’noda huquqiy ko‘makchisini yaratish, qabul qilinayotgan loyihaning xalqchil, o‘zgarmas bo‘lishligini ta’minlashga qaratilganligini bildirdi.
Ma’lumot uchun Adliya vazirligi 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihasi va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlarini yaxlitlashtiruvchi tadbirkorlik kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish ta’qiqlanmoqda.
Shu bilan birga, kodeks bilan ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik subyektlari kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilmoqda;
tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop boʻlmagan “xoʻjalik shirkati” tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;
yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;
43 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar roʻyxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda roʻyxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda;
davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat maʼlumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Muhokama yigʻilishida ZOOM platformasi orqali adliya vazirligi, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlaridagi mutasaddilar va tadbirkorlar oʻz takliflarini bildirdi.