Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Termiz shahridagi Matbuot uyida Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, madaniyat, madaniy meros boshqarmalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Mening konstitutsiyam” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i J.To‘raev, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari M.Xotamov, Xalq deputatlari viloyat kengashi raisi o‘rinbosari A.Choriev, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘raevlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yaratilishi, unga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida atroflicha fikr yuritdi.
–Mamlakatimiz so‘nggi besh yilda yangi bosqichda yuksalishga yuz tutib, jamiyatimizda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i J.To‘raev. – Bu jarayon konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishni taqozo etdi. Bosh qomusimizga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ham yurtimizda yuz berayotgan yangilanishlarga mosligi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Masalan, Asosiy qonunimiz loyihasida tarixiy, ma’naviy, madaniy va tabiiy meros davlat muhofazasidadir. Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni himoya qilish, O‘zbekiston xalqi ma’naviy va madaniy merosning uzluksizligini ta’minlash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi, degan bandlarni kiritish ilgari surilayotgani ham keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga, xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini muhofaza qilishga qaratilayotgan yuksak e’tiborga mos keladi. Noyob merosimizni saqlab, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishga xizmat qiladi.
–Hozirgi globallashuv davrida so‘z va axborot olish erkinligini ta’minlashga alohida ahamiyat berilmoqda, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘raev. – Shunga asosan qonun loyihasida har kim Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga egaligi belgilanib, mazkur huquqlarni cheklashga faqat amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligini hamda tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri yoki boshqa sir deb e’tirof etilgan axborotni oshkor etishning oldini olish bilan bog‘liq hollarda, qonun bilan yo‘l qo‘yiladi, degan yangi normaning kiritilayotgani e’tiborga molikdir. Davra suhbatida viloyat musiqali drama teatri direktori M.Qoraqulova, Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori M.Abdushukurov va boshqalar ham umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilarini qonun loyihasi muhokamasida yanada faol ishtirok etishga chaqirdi.