Янгиликлар
Hokimlar endilikda mahalliy kengashlarga raislik qilmaydi – yangilanayotgan Konstitutsiya
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, 99-moddasiga o’zgartirishlar kiritilmoqda. Amaldagi moddada, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar deb belgilanib o‘tilgan.
Ushbu modda:
viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir degan norma bilan o‘zgartirilmoqda.
Shuningdek, quyidagi normalar bilan to‘ldirilmoqda:
Tegishli hududdagi ijroiya hokimiyatiga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi. Xalq deputatlari Kengashlariga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi. Xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining saylovi tartibi qonunda belgilanadi. Xalq deputatlari Kengashlarining va hokimlarning faoliyatini tashkil etish qonun bilan tartibga solinadi. Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati – besh yil. Yangidan tashkil etilgan ma’muriy hududiy birliklarda xalq deputatlari Kengashlariga saylov xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar bo‘lgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.