Янгиликлар
“E-huquqshunos” – yuridik xizmat ko‘rsatish elektron tizimi keng joriy etiladi.
Adliya vazirligi tizimida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Jumladan, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazuvchi «E-huquqshunos» elektron tizimi yaratildi, ish yurituvi to‘liq raqamlashtirilib, qog‘ozbozlikka barham berildi. Davlat organlarida huquqni bir xil qo‘llash amaliyoti shakllandi hamda aholiga va bevosita ijrochilarga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va tushuntirishning yangi bo‘g‘ini yuzaga keldi.
Adliya vazirligi mas’ul xodimi Asliddin Xushnazarov, adliya bo‘limi Sho‘rch
i tuman boshilig‘i Ishboev Sherzod ishtirokidagi ochiq muloqot “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida bo‘ldi.
-Qabul qilingan yangi qarorga muvofiq, 2022 yil 1 avgustdan boshlab markazlar tomonidan yuridik xizmati mavjud bo‘lmagan davlat tashkilotlarga yuridik xizmat ko‘rsatiladi, - deydi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Asliddin Xushnazarov. - Tumanlardagi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniy meros, sportni rivojlantirish, oila va xotin-qizlar, davlat soliq inspeksiyasi, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalari shular jumlasidandir. Bunda, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarni “E-huquqshunos” elektron tizimiga ulash va xizmat ko‘rsatish bepul asosda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga 2022 yil 1 mayga qadar “E-huquqshunos” elektron tizimida ish yuritish bo‘yicha texnik va huquqiy savollarga javob berilishini ta’minlaydigan “Call-markaz” tashkil etish topshirilmoqda. Qarorning qabul qilinishi yuridik xizmati mavjud bo‘lmagan tuman (shahar) darajasidagi davlat tashkilotlarining faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash hamda qog‘ozbozlik va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Yuridik xizmat joriy etiladigan 19 ming 132 tashkilot “E-huquqshunos” elektron tizimiga ulanadi. Shu orqali yuridik yordam ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilishi natijasida 1 yil davomida o‘rtacha 10 million donaga yaqin qog‘oz yoki 580 million so‘m tejalishiga erishiladi. 770 mingdan ortiq xodimning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligi oshirilishiga erishiladi.
O‘z vaqtida va malakali yuridik xizmat ko‘rsatish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini bir xilda amalga oshiriladi. Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar ish yurituvi raqamlashtiriladi.
Aholiga va davlat organlari xodimlariga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazishning yangi bo‘g‘ini yaratiladi. Mehnatga oid va boshqa hujjatlarni orqa sana bilan qabul qilishning yoki buyruqlar kechiktirib qabul qilishning oldi olinadi. Xo‘jalik shartnomalari loyihalarini davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilishi ta’minlanadi. Vazirlik rahbariyati, tarkibiy bo‘linma va hududiy adliya organlari rahbarlari, shuningdek jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mavzu yuzasidan berilgan savollarga javob qaytarildi. Ochiq muloqot davomida elektron tizimdan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, tibbiyot birlashmasi tizimidagi poliklinikalar hamda tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarining rahbarlariga yuridik xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirishning foydali jihatlari xususida tushuntirish berildi.