Янгиликлар
Ona tilimizning mavqeini ko‘tarish barchamizning burchimizdir.
Aslida, bu yorug‘ olamda har birimizning to‘rt onamiz bor. Ular – bizni dunyoga keltirgan onamiz, ona zamin, ona tariximiz va ona tilimiz. Ularning har birini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, dardiga darmon bo‘lish har birimizning chin farzandlik burchimiz. Tilning himoyasi bugun qonun qabul qilinganidan buyon 33 yil vaqt o‘tgan kunlarda ham Vatan himoyasi singari g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, o‘z davlat tilini bilish va uni o‘rganish yuksak ma’naviyat, Vatan va xalqqa sadoqat belgisidir.
XVIII asrda Sharqning bir qator mamlakatlariga safar qilgan fransuz sayyohi Taverne: “Fors tili – malohatli til, she’riyat va badiiyat tili, arab tili – fasohatli til, Qur’on va ilm tili, turkiy til – siyosat va harb tili”, degan o‘ziga xos bahoni bergan. Hozirgi davrda esa, biz o‘z ona tilimizga bemalol “malohatli, fasohatli til, she’riyat, badiiyat, ilm va siyosat tili” degan bahoni ham bera olamiz.
Qahramon shoirimiz Abdulla Oripovning quyidagi fikri ham aynan shundan dalolat beradi: “Dantening “Ilohiy komediya”sini tarjima qilish jarayoni men uchun o‘ta ulug‘ maktab bo‘ldi. Agarda qog‘oz ustida eng ko‘p ter to‘kkan bo‘lsam, o‘sha tarjima ustida to‘kkanman. Ulug‘ Ona tilimizning naqadar boy ekaniga imon keltirgan bo‘lsam, aynan o‘sha tarjima jarayonida imon keltirganman. Azbaroyi tarjima asliyatdan kam bo‘lmasligi uchun tilimizning boyligidan imkoni boricha to‘liq foydalanish yo‘lida izlandim, til xazinamizdan so‘zlar axtardim. Bunga nechog‘lik erishganman, bu endi boshqa mavzu, biroq (shunga) ishondimki, bizning tilimiz hech bir mubolag‘asiz (butun) jahondagi eng go‘zal va eng badavlat tillardan biridir”.
Bunday yuksak e’tiroflarni o‘zbek tilini jiddiy o‘rganayotgan xorijliklar ham to‘la-to‘kis tasdiqlaydilar.
Men yuqorida bejiz bu yorug‘ olamda har birimizning to‘rt onamiz bor, deb ta’kidlamadim. Chunki ularning qadrini horij safarlariga chiqqanimizda sog‘inch orqali yaqqol sezamiz. .
Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning vafotidan so‘ng 2014 yilda chop etilgan “Yarim asr daftari” nomli kitobida keltirilgan bir voqeiy hikoya yodimga tushdi: “Rasmiy safar bilan bir necha kun chet elda bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Albatta, dunyoda go‘zal mamlakatlar, chiroyli shaharlar ko‘p. Ammo odam qaerga bormasin, hafta o‘tmay, o‘z yurtini sog‘inib qoladi. Shunday qilib, avval Germaniyaga uchdik. Undan so‘ng Atlantika okeani ustidan Amerikaga uchildi. Bir necha kun rasmiy yig‘ilishlarda bo‘lib, yana Yevropaga – Shveysariyaga uchdik. Bu yerda ham (qator) yig‘ilishlarda ishtirok etildi. So‘ng Angliyaga bordik. Londonda dunyodagi behad katta aeroportlardan biri – Xitroudan Toshkentga uchadigan bo‘ldik. Havo kemasi gurillab ishlay boshlashi bilan samolyotda shunday sohir so‘zlar yangraydi: “Assalomu-alaykum, xonimlar va janoblar! Sizlarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi nomidan muborakbod etamiz!” Bu (go‘zal) so‘zlarni eshitganda ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketdi! Bir tasavvur qiling: ona Vatanimdan minglab chaqirim narida, va yuzlab chet elliklar – inglizlar, hindlar, bengallar… o‘tirgan samolyotda ayni mening ona tilimda aytilgan so‘zlar jaranglayapti! Birgina mana shu holatning o‘zi uchun Mustaqillikka ming karra ta’zim qilishga tayyorman!”
Men ham bir necha Yevropa va Osiyo davlatlarida ilmiy va xizmat safarlarida bo‘lib, bu to‘rt ona sog‘inchini dildan tuyganman. Haqiqatan ham inson dunyoni ko‘zi bilan emas, balki tili bilan ko‘radi! Boshqacha qilib ifodalaganda, har bir til vakili dunyoni o‘z tili mantig‘idan kelib chiqib farqli tarzda ko‘radi, eshitadi va idrok etadi.
Shuning uchun ham o‘zbekning dili, ko‘ngli, qalbining kaliti bo‘lmish – ona tilimizning mavqeini yanada yuksakliklarga ko‘tarish barchamizning eng ulug‘, eng muqaddas farzandlik burchimizdir.
Zafar XUDOYBERDIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati