Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-sonli Qarori targ'iboti
Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-sonli Qarori qabul qilindi.
Shunga ko‘ra, qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan eng muhim jihatlari, shuningdek, davlat xizmatchisi aslida kim va u qanday bo‘lishi kerak mavzularida joylarda targ‘ibot tadbirlari tashkil qilib borilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyat hokimligi binosida ayni shu masalalar yuzasidan viloyat hokimi boshchiligida o‘quv-amaliy seminar tashkil qilindi. Seminarda hokimlik markaziy apparati xodimlari, viloyatdagi barcha davlat xizmatchilari, oliy ta’lim muassasalarining professor o‘qituvchilari, OAV vakillari va videokonferensaloqa tizimi orqali tuman (shahar) hokimlari, hokimlik xodimlari hamda davlat idora va tashkilotlari tuman (shahar) bo‘limlarining xodimlari ham ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida, viloyat hokimi Bobolov To‘ra Abdiyevich mazkur qarorning qabul qilinish zarurati xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Abdullayev Sanjar Boxadirovich Qaror ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, hokimliklarda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdurasulov Sunatillo Tojimurodovich ham ishtirok etib, “Jamoatchilik vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashda odob-axloq qoidalariga rioya qilish va uning ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olish” to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Qolaversa, ma’ruzachilar tomonidan davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha idora va tashkilotlar xodimlarining odob-axloq me’yorlari mazkur qaror bilan tartibga solinganligi, xususan, qarorda davlat xizmatchilarining nafaqat xizmatni o‘tash vaqtidagi, balki, xizmatdan tashqari vaqtdagi odob-axloq qoidalari, rahbar xodimlarning majburiyatlari va ushbu qoidalarga rioya etilmagan holatlar uchun javobgarlik belgilab qo‘yilganligi ham aniq misollar bilan tushuntirib o‘tildi.