Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

“Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar – davr talabi”


O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanishiga xizmat qilib, hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirildi. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.

Bugun Konstitutsiya to‘g‘risida, uning ma’no-mazmuni va ustuvor tamoyillari haqida gapirar ekanmiz, asosiy qonunimizda birinchi navbatda shaxs manfaatining davlat manfaatidan ustun etib belgilangani, inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlab qo‘yilganini alohida ta’kidlashimiz lozim.

Xususan, Konstitutsiyaning 2-moddasida qayd etilishicha, “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”. Bu norma haqiqiy ma’nodagi demokratik boshqaruvni, xalq hokimiyatini o‘zida namoyon etadi.

Shuningdek, asosiy qonunimizning 15-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”. Huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning asosiy sharti qonun ustuvorligi ekan, mamlakatimizda bu masalaga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilganligini ko‘rish mumkin.

Konstitutsiyaning eng asosiy yuridik xususiyatlaridan biri bu – uning oliy yuridik kuchga egaligidir. Konstitutsiyada mazkur normaning mutahkamlanishi – barcha qonun hujjatlarining so‘zsiz Konstitutsiya normalariga mos kelishini anglatadi. Xabaringiz bor, davlat rahbari 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Asosiy qonunimizning 15-moddasida Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi qoidasi belgilab qo‘yilgan. Umuman olganda, oliy yuridik kuch ega deganda – normativ-huquqiy hujjatlarning ierarxiyasida eng yuqori o‘rindaturishi hamda boshqa har qanday huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi. Nazariy nuqtai nazardan Konstitutsiyamizning oliy yuridik kuchga egaligini quyidagi mezonlar bilan izohlash mumkin:

birinchidan, Konstitutsiya davlatning Asosiy qonunidir;

ikkinchidan, barcha qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, xoh u qonun bo‘lsin, Prezident farmoni bo‘lsin, yo bo‘lmasa hukumat, vazirliklar, idoralar qarorlari bo‘lsin barchasi Konstitutsiya normalariga so‘zsiz mos tarzda qabul qilinishi lozim;

uchinchidan, konstitutsiyaviy normalar maxsus sud organi – Konstitutsiyaviy sud tomonidan ham umumyurisdiksiyaviy sudlar tomonidan ham himoya qilinadi;

to‘rtinchidan, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish o‘ziga xos murakkab mexanizm asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratsak,Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi Braziliya, Rossiya, Ukraina, Moldova konstitutsiyalarida ham qayd qilingan. Misol uchun, Moldova Konstitutsiyasining 7-moddasida Moldova Konstitutsiyasi oliy qonun hisoblanishi, hech bir qonun yoxud huquqiy akt Konstitutsiya qoidalariga zid bo‘lsa, yuridik kuchga ega emas, deb belgilangan. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi, deb belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligini ko‘rsatuvchi muhim mezonlardan biri ham, bevosita unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishning o‘ziga xosligi, murakkabligi bilan tavsiflanadi.Xususan, mamlakatimiz Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchlar kiritish, Asosiy qonunimizning 127-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovozi yoki referendum yo‘li bilan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Har doim ham Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilavermaydi. Negaki, inson – jamiyat – davlat tizimi munosabatlari uchun eng kerakli bo‘lgan qoidalar, zaruriy ehtiyojlar mavjud bo‘lgandagina, o‘zgartish qilinishi mumkin. Hozirgi kunga qadar Konstitutsiyaga 16 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, bularning asosiy qismi – Prezident, davlat organlari, saylov, sud, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati vakolatlarini muvofiqlashtirish, kengaytirish, o‘zaro tiyib turish masalalari bilan bog‘liq. Hozirgi davr zaruratidan kelib chiqib, endilikdagi vazifa inson va fuqaro huquqlariga tegishli bo‘lgan eng asosiy va kerakli qoidalarni kiritishdir.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratsak, Rossiya, AQSh, Bolgariya kabi davlatlarda parlament a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovozi, AQShda federatsiya sub’ektlarining uchdan to‘rt qismi roziligi bilan Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Yana bir qiziq jihat – Rossiya konstitutsiyasining 1-, 2-, 9-boblariga, ya’ni davlatning konstitutsiyaviy tuzumiga, inson va fuqaro huquqlari qismiga; Fransiyaning respublika boshqaruv shakli, Germaniyaning federativ hududiy shakli, Braziliyaning hokimiyat bo‘linishi tamoyili qismiga o‘zgartish kiritish mumkin emas, deb belgilab qo‘yilgan. Umuman olganda, Konstitutsiya doimiy takomillashuvda, u o‘zgarmas, qotib qolgan hujjat emas, Konstitutsiya jamiyat bilan doimiy hamnafas bo‘lib, inson va davlat o‘rtasidagi eng muhim masalalarni tartibga soladi va rivojlantiradi. Yakunda konstitutsiyaviy islohotlar xalqning Konstitutsiyaga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

Jamiyat hayoti, xalq ongi hamda fuqarolarning dunyoqarashlari juda tez fursatlarda rivojlanib bormoqda. Bu rivojlanish o‘z navbatida davlatdan tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga sabab bo‘lmoqda.

         Xulosa qilib aytganda Konstitutsiyaga mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarning kiritilishi asosiy qonunimizning har tomonlama mukammal bo‘lishiga xizmat qilib, davlatimizning asosiy qonuni sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, demokratik islohotlar va yangilanishlarga mustahkam huquqiy zamin yaratmoqda.

 

 

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yetakchi maslahatchisi – Madina Mirzaeva