Янгиликлар
Yangi Konstitutsiyada shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsning erkin harakatlanish kafolatlari, shaxsni himoya qilish borasidagi yangiliklar.
Yangi Konstitutsiyaning 27-moddasidagi shaxsiy hayot daxlsizligiga oid normalar kuchaytirilyapti:
Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.
Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga ega.
Har bir shaxs yozishmalarni, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni, pochta-telegraf jo‘natmalarini hamda boshqa xabarlarni amalga oshirish erkinligi va ularning sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Amalda 27-modda quyidagicha:
Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
Konstitutsiyaning 43-moddasini quyidagicha qayta yozish taklif etilmoqda:
Inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadidir.
Davlat inson va fuqaroning Konstitutsiyada hamda qonunlarda mustahkamlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydi.
Har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.
Amaldagi 43-modda quyidagicha:
Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.