Янгиликлар
Pensiyaga chiqqan boysunlik ayollarning nafaqalari undirib berildi
Boysun tumanida yashovchi G.Sodiqova, S.Rajabova va N.Murotovalar tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan pensiyaga chiqqan va kamida o‘n yil ishlagan xodimga bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa pullari to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib adliya bo‘limiga murojaat qilishdi.
Aniqlanishicha, tuman obodonlashtirish boshqarmasida ko‘cha supuruvchisi vazifasida 13 yil 3 oy ishlagan fuqaro G.Sodiqovaga 3 900 000 so‘m va hovli supuruvchisi vazifasida 13 yil 6 oy ishlagan fuqaro S.Rajabova hamda ko‘cha supuruvchisi vazifasida 12 yil 2 oy ishlagan fuqaro N.Murotovaga 3 600 000 so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa pullari hozirgi kunga qadar to‘lanmagan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 1 apreldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan “Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 20-bandiga ko‘ra, tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasida kamida o‘n yil ishlagan xodimlarga pensiyaga chiqish munosabati bilan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi to‘xtatilganda boshqarmada ishlangan har bir yil uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizi miqdorida, biroq xodimning 5-tarif stavkasi (lavozim maoshi)dan ortiq bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la nafaqa to‘lanishi belgilangan.
Adliya bo‘limi 2022 yil 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasiga mazkur fuqarolarga nafaqa pullarini to‘lab berish to‘g‘risida tegishli taqdimnoma kiritgan bo‘lsa-da, boshqarma qarzdorlik summalarini bugungi kunga qadar to‘lab bermadi.
Shunga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi tomonidan pensiyaga chiqqan ayollarning manfaatlarini ko‘zlab FIB tuman sudiga kiritilgan da’vo arizalarga ko‘ra, Obodonlashtirish boshqarmasi hisobidan ayollarning foydasiga jami 11 400 000 so‘m miqdoridagi bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa pullarini undirish haqida sudning tegishli hal qiluv qarorlari qabul qilindi.
N.Mamadiev,
Boysun tuman adliya bo‘limi boshlig‘i