Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Tovlamachilik jinoyatining o‘ziga xos xususiyatlari.


        Hammamizga ma’lumki malakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirish, yoshlarni kelgusi avlodga tayyorlash yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirilib kelmoqda, avvalam bor, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, ularni jinoyat sodir qilishdan qaytarish hamda mustaqil demokratik huquqiy davlat qurish borasida bir qadar ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Bugun Sizlar bilan tovlamachilik jinoyati haqida so‘z yuritmoqchimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasida, Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumot­larni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrla­nuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish uchun javobgarlik belgilangan.

Tovlamachilik mulkka qarshi g‘arazli jinoyatlardan biri hi­soblanadi. Tovlamachilikning ijtimoiy xavflilik xususiyati uning nafaqat mulkchilikka, balki mulkchilik manfaatlarining mustaqil shakli sifatida namoyon bo‘luvchi boshqa (majburiyat yuklovchi, meros bo‘lib o‘tuvchi, uy-joy kabi) mulkiy munosabat­larga ham tajovuz qilishidan iborat.

Tovlamachilik ko‘p ob’ektli jinoyat hisoblanadi. Chunki uning sodir etilishida nafaqat mulkchilik huquqiga, boshqa shaxslarning ashyoviy huquqlariga, balki hayotga, sog‘liqqa, sha’nga, qadr-qimmatga va boshqalarga zarar yetkazish xavfi ham mavjud.

Tovlamachilik pred­metlari quyidagilar:

- mol-mulk;

- mol-mulkka bo‘lgan huquq (tovlamachining yoki boshqa aybdor deb ko‘rsatilgan shaxsning qarzi borligini tasdiqlovchi tilxat, shartnoma yoki boshqa hujjat, yoxud muayyan mulkiy huquqlar tov­lamachiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga o‘tishiga asos bo‘ladigan boshqa hujjat);

- mulkiy xususiyatga ega harakatlar (ishni bajarish, xizmat­lar taklif etish va tovarni past narxda yoxud tekinga berish va boshqalar);

- mulkiy manfaatlar berish (masalan, jabrlanuvchi uchun ol­dindan noxush bo‘lgan shartnomani tuzish va boshqalar).

Mol-mulkka bo‘lgan huquq - shaxsning o‘ziga tegishli mol-mulk­ka egalik qilish, undan o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaat­larini ko‘zlab foydalanishi va uni tasarruf etishi, shuningdek, o‘zining mulkiy huquqi kim tomonidan buzilishidan qat’i nazar, o‘z mulkiy huquqlari buzilishini bartaraf etilishini talab qi­lish huquqidir.

Tovlamachilikni sodir etayotib aybdor mulkka bo‘lgan huquqni talab qilmay, o‘zganing mol-mulkidan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini talab qilishi mumkin.

Jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatib, uning mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabr­lanuvchi sir saqlanishini xohlagan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib yoxud jabrlanuvchining manfaatlariga xavf so­ladigan sharoitni yaratish yo‘li bilan jabrlanuvchi shaxsni unda turgan (masalan, qarzga, kreditga olgan, jinoyat sodir etishi na­tijasida vaqtincha saqlanib turgan va hokazo) o‘zining mol-mul­kini berishga majbur etganida, u o‘zganing mulkini tovlamachi­lik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgar­likka tortilishi mumkin emas. Bunday qilmish, qonunda nazarda tutilgan alomatlar mavjud bo‘lsa, o‘zboshimchalik deb hisobla­nadi. Qarzdor va qarz beruvchi o‘rtasida foizlar to‘lash bo‘yicha oldindan kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, berilgan qarz uchun foiz talab qilish tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil qiladi.

Aybdor jabrlanuvchidan uning tasarrufiga noqonuniy yo‘l bilan (jinoyat sodir etish yo‘li bilan ham) o‘tgan mulkni talab qilganda ham uning harakatlari tovlamachilik sifatida kvali­fikatsiya qilinishi lozim.

Mulkiy yo‘sindagi harakatlar deganda, haq to‘lanadigan har qanday ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish (imoratlar qurish, ularni ta’mirlash, avtomobillarni ta’mirlash, to­var-moddiy boyliklarni tashib berish va hokazo) tushuniladi.

Mulkiy manfaatlar deganda, jabrlanuvchining o‘z xizmat vakolatlariga ko‘ra u yoki bu shaxsga uning muhtojligiga qarab yoxud belgilangan qoidalar yoki normativ hujjatlarga binoan taqdim etish huquqiga ega bo‘lgan manfaatlar tushuniladi. Jumladan, tovar-moddiy boyliklarni navbatsiz ajratish, qo‘shimcha to‘lovlarsiz tovar olish, o‘z korxonasidagi bo‘sh lavozimlarga tayinlash tushunilishi kerak.

Ob’ektiv tomondan tovlamachilik aybdorning mulkdor­dan bila turib, g‘ayriqonuniy ravishda o‘ziga yoki u ko‘rsatgan shaxslarga muayyan mulkni, mulkka bo‘lgan huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud ular foydasiga muayyan mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilishda ifodalanadi va u o‘z talablarini quyidagi harakatlar orqali amalga oshiradi:

- zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish. Bunda qo‘rqitish o‘z ichiga jabrlanuvchini o‘ldirish, badaniga shikast yetkazish, nomusiga tegish va boshqa turdagi harakatlarni sodir etish bilan qo‘rqitishni qamrab oladi;

- mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish bilan qo‘rqitish. Bunda mulk mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida jabrlanuvchiga yoxud uning yaqin kishilariga tegishli bo‘lishi mumkin;

- ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitish. Bunda ushbu ma’lumotlarni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilari sir saqlashni xohlaydilar. Ob’ektiv tomonning ushbu belgisi bo‘yicha kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchi yoki uning yaqinlari maz­kur ma’lumotlarni sir saqlashga harakat qilayotganliklarini (qilganliklarini), uni oshkor etish bilan qo‘rqitish esa aybdor tomonidan biron-bir mulkni egallash uchun foydalanilayotganli­gini (foydalanganligini) aniqlash muhim;

- jabrlanuvchini mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoit yaratish.

Tovlamachining talablari og‘zaki, telefon, faks, xat orqali va boshqa shaklda bo‘lishi mumkin.

Talab tovlamachining jabrlanuvchidan mulkni yoki mulkdan o‘z mulkidek foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etishini taklif qilishni anglatadi.

Talablar pul olish, yerdan, do‘kondan, avtomobildan foydala­nish huquqini qo‘lga kiritish, tovlamachini sherik sifatida mun­tazam dividendlar va boshqa mulkiy manfaatlar olishi uchun kooperativ, korxona a’zoligiga kiritib qo‘yishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Tovlamachilikni sodir etishda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deganda, urish, zarba berish, badanga yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir shikast yetkazish bilan qo‘rqitish tushunilishi kerak.

Tovlamachilikdagi qo‘rqitishga quyidagi belgilar xos: birinchidan, o‘z mazmuniga ko‘ra unda jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud ular sir saqlash lozim deb topgan ma’lu­motlarni oshkor qilish niyati bildirilgan bo‘lishi kerak; ik­kinchidan, tahdid real, ya’ni agar jabrlanuvchi tovlamachining talablarini bajarmasa, tahdid amalga oshirilishi mumkinligi­dan xavotir bo‘lishi lozim. Jinoyat tarkibining mavjudli­gini aniqlash uchun qo‘rqitishni kim amalga oshirishi mumkin­ligi: bevosita tovlamachining o‘zimi yoki uning ishtirokchila­rimi, bu ahamiyat kasb etmaydi. Qo‘rqitish kelajakda (darhol yoki talabni bajarishdan bosh tortganlik uchun) amalga oshiriladi deb qabul qilinadi. Shuning uchun ham ushbu jinoyatning tarkibi uchun aybdorning haqiqatdan ham o‘z niyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan-bo‘lmaganligi ahamiyat kasb etmaydi.

Jabrlanuvchi tomonidan qo‘rqitishning xususiyati va jadal­ligi qanday qabul qilinganligi jinoyatni kvalifikatsiya qi­lishga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Jadalligi bir xil bo‘lgan tahdid, jabrlanuvchilarning ruhiy holati, tarbiyasi, fe’l-atvori, jis­moniy xususiyatlaridagi farq­lar tufayli, ular to­monidan turli­cha qabul qilinadi. Jabrlanuvchi qanday qabul qilganligidan qat’i nazar, tahdidning kuchi oshmaydi va kamay­maydi, uning o‘zi qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaveradi.

Tovlamachilikni kvalifikatsiya qilish uchun tahdidning kimga - bevosita mulk egasiga yoki jabrlanuvchiga yaqin kishilarga qara­tilganligining ahamiyati yo‘q. Bunda jabrlanuvchiga yaqin kishi­lar doirasi jabrlanuvchining faqat yaqin qarindoshlari bilan­gina chegaralanmaydi, balki vujudga kelgan hayotiy vaziyatlar tufayli hayot salomatligi va tinchlik-xotirjamligi jabrlanuvchi uchun qadrli bo‘lgan boshqa shaxslarni ham o‘z ichiga olishi lozim.

Mulkka shikast yetkazish deganda, mulkka zarar yetkazi­lishi tufayli, ashyoning o‘z sifatini yo‘qotishi, ya’ni un­dan o‘z vazifasiga ko‘ra foydalanish uchun vaqtincha yoki qisman yaroqsiz bo‘lib qolishi va uni tiklashga muayyan mehnat yoki mablag‘ sar­flanganidan keyin avvalgi qimmatiga ega bo‘lishi tushuni­ladi.

Mulkni nobud qilish deganda, uni qayta tiklab bo‘lmaydigan va undan vazifasiga ko‘ra foydalanib bo‘lmaydigan holatga keltirilganligi tushuniladi.

Shaxs sir saqlanishini xohlayotgan ma’lumotlar de­ganda, o‘zining shaxsiy hayoti, ish faoliyati, yaqin kishilari, qa­rindosh-urug‘lari haqidagi va shu kabi har qanday axborotlar tu­shunilishi kerak. Ushbu ma’lumotlar qatoriga shaxsni va uning yaqinlarini sharmanda qilishi va uning oshkor etilishi unga va uning yaqinlari manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar (jabrlanuvchi hayotidagi sharmand qiluvchi ma’lu­motlar, tijorat siri) kiradi. Bunda sharmanda qiluvchi ma’lu­motlar deb, ularning rost yoki yolg‘onligidan qat’i nazar, jabrla­nuvchi tomonidan uning sha’n va qadr-qimmatini tahqir­lovchi si­fatida qabul qilinadigan ma’lumotlarga aytiladi. Ma’lumot­larning sharmanda qiluvchi sifatida baholanishi, faqatgina ularning shunday ma’lumot sifatida jabrlanuvchi va uning yaqin­lari tomonidan qabul qilinishiga bog‘liq. Shaxsning ma’lumot­larni sir saqlashni xohlagan yoki xohlamaganligi har bir alohida holda sud tomonidan hal etiladi. Sud buni shantaj jabrlanuvchi­ning irodasiga ta’sir qilgan yoki qilmaganligiga qarab aniq­laydi. Agar jabrlanuvchi ma’lumotlar oshkor qili­nishidan qo‘rqib tovlamachining talablarini bajargan bo‘lsa, demak, jabr­lanuvchi ushbu ma’lumotlarning sir saqlanishini xohlagan.

Ma’lumotlarni oshkor qilish deganda, jabrlanuvchi­ning fikricha, oshkor qilinishi nomaqbul bo‘lgan (masalan, far­zandlikka olish, kasallik, sudlanganlik to‘g‘risidagi va hokazo) axborotlarni boshqa shaxslarga ma’lum qilish tushuniladi. Ayb­dor shaxs ma’lumotlarni og‘zaki, xat, telefon, faks orqali va boshqa tarzda oshkor qilishi mumkin.

Jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish deganda, aybdorning jabr­lanuvchi va uning yaqinlari uchun har qanday ob’ektiv xavfli sharoit yaratishi tushunilib, unga tov­lamachi chek qo‘yishi mumkinligini yoki ma’lum bir haq evaziga yo‘q qilishi mumkinligini taklif qiladi. Tadbirkordan insho­otni “qo‘riqlash” uchun pul to‘lashni talab etish yoki mahsulot­larni “sotish”ga yordam berganlik uchun pul talab qilish ham tovlamachilik jinoyati belgisi hisoblanadi.

Tovlamachilik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini topshirish, mulkiy manfaatlar berish yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlarni sodir etishni talab qilingan paytdan e’tiboran tugallangan hisoblanadi. Bunda ushbu talab­larning bajarilganligi ahamiyat kasb etmaydi.

Agar aybdor o‘z tahdidini amalga oshirish paytida o‘zganing mulkini nobud qilgan yoki unga shikast yetkazgan bo‘lsa, uning qilmishi jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Tov­lamachilikni sodir etish paytida jabrlanuvchi qasddan o‘ldi­rilgan bo‘lsa, qilmish barcha hollarda jinoyatlar jami bo‘yicha kvalifi­katsiya qilinishi kerak. Biroq agar odam o‘ldirish tovlamachilik faktini yashirish maqsadida sodir etil­gan bo‘lsa, aybdorning harakat­lari tovlamachilik va odam o‘ldirganlik jinoyati bo‘yicha kvalifikatsiya qi­linishi lozim.

Sub’ektiv tomondan tovlamachilik to‘g‘ri qasd bilan so­dir etiladi. Bunda aybdor jabrlanuvchidan mol-mulkni yoki mul­kka bo‘lgan huquqni o‘ziga yoki boshqa shaxsga berishni qo‘rqitish bilan talab qilishi asoslanmaganligini va noqonuniyligini biladi. Aybdor g‘arazli motivlarga amal qiladi va ashyoni noqo­nuniy ravishda qo‘lga kiritish maqsadini ko‘zlaydi.

Tovlamachilik jinoyatning sub’ekti - 14 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso shaxsdir.

Og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan tovlamachi­lik takroran yoki xavfli residivist tomonidan tovlamachilik sodir etilishi, jinoyat ko‘p miqdorda sodir etilishi, qilmishning bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilishi.

Shuni nazarda tutish kerakkki, bosqinchilik va talonchilikda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish mulkni egallab olish yoki talon-toroj qilinga­nidan so‘ng uni ushlab qolish vositasi bo‘lib xizmat qilsa, tov­lamachilikda ushbu qo‘rqitish jabrlanuvchining irodasini so‘ndirish va uni tovlamachining talablarini bajarishga majbur etish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Shuni ham nazarda tutish kerakki, bosqinchilik va talonchi­likda o‘zganing mulkini egallab olish qo‘rqitish bilan bir vaq­tda sodir bo‘ladi, tovlamachilikda esa, aybdor jabrlanuvchining mulkini kelajakda qo‘lga kiritadi.

Sudlar tomonidan ham tovlamachilik jinoyatchilgini oldini olish borasida, jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlagandan keyin xususiy ajrim chiqarib, huquq-tartibot idoralaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan, jamoalardan yoki mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini talab qilib kelmoqda.

O‘z navbatida, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga  imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risidagi xususiy ajrim yuborilgan fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organi zarur choralarni ko‘rib, ko‘rilgan choralar natijalari to‘g‘risida sudni xabardor qilib kelmoqda. Bu bilan Respublikamiz fuqarolarini huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirib, jinoyat sodir etilishini oldi olinmoqda.

Bu borada mahallaning ham katta xissasi mavjud, ya’ni mahalla har bir oila uchun qayg‘urar ekan, ushbu oiladagi muhitni chuqur o‘rganib, sog‘lom oilani vujudga keltirish borasida tarbiyaviy ishlari olib bormog‘i lozim.

Shu sababli ushbu mahallaning barcha fuqarolari o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini chuqur anglashini, mustaqil davlatimizning yosh avlodlarini huquqiy ongini oshirishda qo‘lidan kelganicha o‘z yordamini ayamasdan ko‘maklashishi lozim.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Termiz shahar sudining sudya yordamchisi

N.Xasanova