Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari -qonun himoyasida


“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonun Prezidentimizning 2013 yil 14 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan «Obod turmush yili» Davlat dasturini ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan hamda Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 29 oktyabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 2014 yil 13 noyabrda ma'qullangan edi. Yangi qonun jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklari, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlari himoya qilinishining qo'shimcha kafolatlarini ta'minlab berishga qaratilgan.

Yangi qonun qabul qilinguniga qadar fuqarolarning murojaatlari 2002 yil 13 dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunning yangi tahriri asosida tartibga solinar edi. Lekin bu qonunda yuridik shaxslarning murojaati borasida qoidalar belgilanmagan edi. Shuningdek, elektron murojaatlar ham nazarda tutilmagandi. Yangi qonunni qabul qilishdan ko'zlangan asosiy maqsad esa, fuqarolarning davlat organlariga murojaat etishi tartibini yanada takomillashtirishdan, shuningdek, yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish bilan bog'liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi huquqiy bo'shliqni to'ldirishdan iboratdir.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va texnologiyalaridan foydalanib, murojaatlarni kiritish imkoniyatining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi ushbu qonunning muhim jihatidir. Unda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo'shimcha kafolatlari mavjud. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ushbu sohadagi ishini sifat jihatidan yuqori darajaga ko'tarish imkonini berdi.

Shu o'rinda alohida ta'kidlash kerakki, qonun moddama-modda, puxta muhokama etilganidan keyin Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Deputatlar qonun loyihasini tayyorlash jarayonida murojaatlar sohasidagi chet el qonunchiligi va huquqni qo'llash amaliyotini o'rganishgan. Jumladan, Yevropa mamlakatlarining, Germaniyaning, Osiyo mamlakatlarining, Koreya Respublikasining qonunchiligi va amaliyoti chuqur o'rganildi. Bu esa, qonunning demokratik talablarga mos ravishda ishlab chiqilganidan dalolat beradi. Qonunda belgilangan tartiblarga ko'ra, jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.

Murojaatlar og'zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo'lishi mumkin. Yuqorida aytilganidek, endilikda elektron murojaatlar ham rasmiy maqomga ega bo'ldi. Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo'lgan elektron hujjat shaklida bo'lishi kerak. Elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi. Bundan xulosa qilish mumkinki, har qanday elektron murojaatlar rasmiy maqomga ega emas, faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – My.gov.uz portali orqali yuborilgan murojaatlar og'zaki va yozma murojaatlarga tenglashtirildi.

Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo'lishi mumkin.Murojaatlar davlat organlari tomonidan qabul qilinishi va ko'rib chiqilishi shart. Davlat organiga kelib tushgan murojaatlar shu organ tomonidan yoki uning murojaatlarni ko'rib chiqish bo'yicha majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan mansabdor shaxsi tomonidan ko'rib chiqiladi. Jismoniy va yuridik shaxslar o'z murojaatlarini ular ko'rib chiqilguniga qadar va ko'rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega.

Qo'yilgan masalalarni hal etish o'zining vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi. Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo'lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e'tiboran 15 kun ichida, qo'shimcha o'rganish va (yoki) tekshirish, qo'shimcha hujjatlarni so'rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqish uchun tekshirish o'tkazish, qo'shimcha materiallar so'rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko'rish zarur bo'lgan hollarda, istisno tariqasida uzog'i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi. Taklif davlat organiga kelib tushgan kundan e'tiboran bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi. Quyidagi murojaatlar ko'rib chiqilmaydi:

·        anonim murojaatlar;

·    jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmagan taqdirda;

·        qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo'lmagan murojaatlar.

Murojaatni ko'rib chiqqan davlat organi murojaat etuvchiga ko'rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko'rib chiqilganidan so'ng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi shart. Murojaat davlat organlari tomonidan ko'rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko'rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko'rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo'shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so'rab olish to'g'risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Murojaatni ko'rib chiqayotgan davlat organlarining mansabdor shaxslari jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar etkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta'minlashi shart. 

Jinoyat ishlari bo'yicha 

Termiz shahar sudi sudya yordamchisi 

Jaloliddin Musayev