Янгиликлар
O‘ZBEKISTON GENDER TENGLIKNI TA’MINLASh BO‘YIChA MUHIM QADAMLARNI QO‘YMOQDA
Barchaga ma’lum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yilning sentabrida Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyusiyasiga muvofiq, shuningdek, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifani ishlab chiqdi.
Beshinchi maqsadning vazifalariga (Gender tenglik) muvofiq,
2030 yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni o‘z ichiga oladi.
So‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishlarda olib borilmoqda:
• ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
• ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
• aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
• huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yorlar asosida o‘qitish.
O‘zbekistonda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, Prezidentning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari qabul qilingan.
Gender tengligini joriy qilish nuqtai nazaridan ta’limdagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash kerak. Ya’ni, 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi.
Fursatdan foydalanib, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yil iyun oyida Oliy Majlis Senatidagi nutqidan iqtibos keltirishni o‘rinli deb bilaman:
“Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Shu kuni Prezidentning taklifiga binoan, mamlakat tarixida ilk bor Senat raisligiga ayol kishi – Tanzila Norboeva saylandi. Ma’lumki, Norboeva xonim O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.
Mazkur sohadagi qonunchilik choralariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil sentabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi. BMTning deyarli barcha agentliklari, jumladan BMT Taraqqiyot Dasturi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA), BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti ushbu ikki qonun bo‘yicha o‘z izoh va takliflarini berishdi.
Gender tenglik bo‘yicha institutsional choralarga kelsak, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil qilingan. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.
Mazkur yangi tashkil etilgan barcha institutsional mexanizmlar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda BMT Konvensiyasiga muvofiq ayollar huquqlari, gender tengligi va xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berishning yagona yaxlit mexanizmiga aylanishi masalaning muhim tomonidir.
Ta’kidlash joiz, qabul qilingan normativ-me’yoriy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar O‘zbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamidir va u qonunchilik hamda amaliyotning xalqaro me’yor va standartlariga to‘liq mos keladi, shu bilan birga, ularning bir qismi BMTning inson huquqlari bo‘yicha idoralari tavsiyalariga asoslangan.
Ayniqsa, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu Qonun ko‘p yillik muhokamalardan so‘ng qabul qilindi. Qonun oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir. Bunday choralar, xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha idoralari tomonidan uzoq vaqt davomida tavsiya qilib kelingan.
Gender siyosatining monitoringi va samaradorligini baholash sohasida www.gender.stat.uz saytida qo‘shimcha 54 ta gender ko‘rsatkichlarini kiritish orqali muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda davomiy izchil ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Bu yerda nafaqat qabul qilingan ko‘rsatmalar, balki ularning xalqaro majburiyat va standartlarga muvofiqligi, joylarda o‘z vaqtida va aniq bajarilishi ham muhim axamiyatga ega.
Shu ma’noda, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarur.
Binobarin, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlarning bajarilishini ta’minlash uchun “Yo‘l xaritalari”ni qabul qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Gender tengligi bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish rejasi ham mavjud. BMT agentliklari gender tenglik va kamsitmaslik masalalarida, shu jumladan maxsus hujjatlarni rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish, yangi kodekslarning maxsus qoidalarini – jinoiy, protsessual va ijro etuvchi bosqichlarni ishlab chiqishda bundan keyin ham ko‘mak berishga tayyor.
Shuningdek, qabul qilinayotgan u yoki bu darajadagi hujjatlarning ayollar va erkaklar uchun bir me’yorda bo‘lishiga erishish uchun qonunchilikning gender ekspertizasini o‘tkazish majburiyligini ta’minlash muhimdir.
O‘z navbatida, biznes inkubatorlari bilan bir qatorda, ayollarni ta’lim va fan sohasida rag‘batlantirish, shuningdek, STEM (Fan, texnologiya, muhandislik, matematika) laboratoriyalar yaratish orqali ularni tabiiy va texnik fanlar sohasiga jalb qilish choralarini ko‘rish zarur. Bu, o‘z navbatida, ayollarning bandligini, zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
Qabul qilinayotgan chora-tadbirlar mamlakatning barcha hududlari va xotin-qizlarning barcha toifalarini qamrab olishi kerak. Xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish kun tartibidagi tamoyillarni, ayniqsa, “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda, har xil kamsitish shakllariga moyil bo‘lgan xotin-qizlarning holatiga alohida e’tibor qaratish dolzarb masaladir. Bu yerda mamlakatning chekka hududlaridagi qishloqlardagi xotin-qizlarga, etnik ozchilik guruhlari, nogironlar, OIV/OITSga chalingan ayollar, ozodlikdan mahrum qilish va cheklash joylaridagi xotin-qizlarga (shu jumladan qamoqxonalar, pansionatlar, qariyalar uylari va ruhiy kasalliklar shifoxonalari), inson huquqlari himoyachilari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochqinlarga asosiy e’tibor qaratiladi.
Ayni paytda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida gender masalalari bo‘yicha maxsus guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning tarkibiga BMTning deyarli barcha agentliklari vakillari kiritilgan. Masalan, yuqorida qayd etilgan Qonunlarga berilgan tavsiyalar hali loyiha paytida guruh ishining bir qismi edi. Ushbu guruh faoliyati misolida BMT agentliklari boshqa qonun hujjatlarini ishlab chiqishda yordam berishga doim tayyor.
Bundan tashqari, konferensiya, videorolik, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi yuridik klinika, ijtimoiy tarmoqlar kabi turli formatlarda ayollar muammolari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar kun tartibidan joy olgan. Bu borada “Taraqqiyot strategiyasi markazi va boshqa nodavlat tashkilotlar bilan ham faol hamkorlikda ish olib borilmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekistondagi BMTning jamoasi ayni paytda barcha milliy hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning keng maslahatlashuvlari bilan ishlab chiqilayotgan “2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish hamkorlik dasturi” doirasida gender tenglikni ta’minlash uchun mamlakatga har tomonlama yordam berishda davom etadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Termiz shahar sudining raisi
I.Shaymanov