Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

INKLYUZIV TA’LIMNI TASHKIL QILISH VA UNING USTAMALARI HAQIDA


Agar maktablarda inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar tashkil etilsa, ushbu sinflarga dars o’tuvchi pedagoglar oyligiga qo’shimcha ustama beriladi.

Xo’sh, ushbu sinflar qanday tartibda tashkil etiladi?

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar boshqa (sog‘lom) bolalar bilan bir qatorda maktabga qatnab muayyan sinfning o‘quv rejasiga mos keladigan o‘quv dasturlari doirasida tahsil olishi inklyuziv ta’limni tashkil qiladi.

O‘quvchilarni inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarga qabul qilish hamda chiqarish hududiy xalq ta’limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan “Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya” xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.


Inklyuziv ta’lim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarga quyidagi toifadagi bolalar qabul qilinadi:

eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar (eshitish qobiliyatining yo‘qotilishi 60 Db gacha bo‘lgan rivojlanishida qo‘shimcha buzilishlar bo‘lmagan bolalar);

ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar (ko‘rish qobiliyatining buzilishi 0,1 gacha bo‘lgan rivojlanishida qo‘shimcha buzilishlar bo‘lmagan bolalar);

somatik kasalliklar (psixofizik va nutqning rivojlanish darajasi yoshiga mos kelmaydigan bolalar);

nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar (alaliya, dislaliya, afaziya, rinolaliya, dizartriya, psixik-nutqiy rivojidagi sustlik, duduqlanish);

tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar (bolalar tserebral falaji, skolioz, poliomiyelit, miopatiya, osteomiyelit, amputatsiya, bo‘y o‘sishining yetishmovchiligi — pakanalik);

aqliy rivojlanishi saqlangan holda tayanch-harakat tizimidagi buzilishi bo‘lgan bolalar;

aqliy rivojlanishi saqlangan yoki ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar (o‘zi harakat qila oladigan yoki qo‘shimcha moslamalar va nogironlik aravachasida harakatlana oladigan bolalar tserebral falaji);

intellektual rivojlanishning potensial buzilmagan imkoniyatlari bilan ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar;

xulq-atvor va ruhiyatning qo‘pol buzilishlarisiz autistik spektri buzilgan bolalar;

intellektual rivojlanishi saqlanib qolingan, tutqanoq holatida bo‘lgan bolalar (agar bola antikonvulsant dorisini qabul qilganda, tutqanoq 1 oyda 1 martadan oshmagan paytda).

Maktab ushbu toifadagi bolalarni qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas.

Inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga ustama sinfda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bir nafar bola uchun lavozim maoshining 10 foizi, ikki nafar bola uchun 20 foizi, uch nafar bola uchun 30 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq inklyuziv ta’lim sinflarida to‘rt nafar va undan ortiq bola uchun ta’lim-tarbiya ishlarini olib borgan o‘qituvchilar va maxsus pedagoglarga lavozim maoshining 40 foizi miqdorida belgilanadi.

Boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar o‘qituvchilari va maxsus pedogoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 50 foizi miqdorida to‘lanadi.

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori.


Termiz shahar adliya bo‘limi 

YuXKM bosh yuriskonsulti V.Nazarov