Bog'lanish

Telefon
(+998 76) 223-44-75

Elektron manzil
surxondaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Hayotga qarshi jinoyatlar


Inson hayoti, uning qadr-qimmati barcha narsadan ustun turadi, ammo bugungi kunda ortib borayotgan jinoyatlardan biri hayotga qarshi jinoyatlardir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra ushbu jinoyatlar sodir etilishi avvalo, oiladagi nosog‘lom muhit, tarbiyaning mustahkam emasligi, turli illatlarga qo‘shilib qolish va boshqalardir.

  O‘zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasining 25-moddasida yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinishi, inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat ekanligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikki qismdan iborat bo‘lib, ushbu moddaning 1-qismida “oddiy” odam o‘ldirganlik uchun javobgarlik belgilangan. Albatta, odam o‘ldirish “oddiy” bo‘lishi mumkin emas. Jinoyatni JK 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish inkor usuli bilan amalga oshiriladi. Ishda, ya’ni sodir etilgan qilmishda
JK 97-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarning mavjudligi va JK 98–102-moddalaridagi yengillashtiruvchi holatlarning borligi aniqlanadi. Agarda yuqorida aytilgan holatlar bo‘lmasa, aybdorning qilmishi JK 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi .

O‘ch olish maqsadida, rashk tufayli, tuzalmaydigan kasalni azobdan qutqarish maqsadida jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra, mushtlashish vaqtida o‘ldirish, bezorilik belgilari bo‘lmasa, hasad, qo‘rqoqlik va hokazo tufayli sodir etilgan odam o‘ldirish JK 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini qasddan o‘ldirishdan boshqa barcha holatlarda o‘ch olish maqsadida shaxsni o‘ldirganligi uchun aybdor JK 97-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortiladi. Dastlab aytib o‘tilgan holatda odam o‘ldirganlik JK 97-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi, buning uchun odam o‘ldirish aynan shaxsiy munosabatlar tufayli o‘ch olish maqsadida sodir etil­ganligini aniqlash lozim bo‘ladi.

Shaxsiy munosabatlar tufayli o‘ch olish maqsadida odam o‘ldi­rishdan bezorilik oqibatida odam o‘ldirishni farq­lash lozim. Bezori­lik oqibatida odam o‘ldirishga jabrla­nuvchining ahamiyatga ega bo‘lmagan harakati (chekish uchun sigareta bermaslik, biror-bir korxonaning qaerda joy­lashganligini aytmaslik va hokazo) bahona bo‘ladi yoki u hech bir sababsiz ham amalga oshiriladi.
O‘ch olish motivi jabrlanuvchining xulq-atvori, xatti-harakati tufayli bevosita odam o‘ldirilishidan oldin yoki ancha ilgari vujud­ga kelishi mumkin.

Shaxsiy munosabatlar tufayli bevosita o‘ldirish sodir bo‘lishidan avval o‘ch olish motivi paydo bo‘lgan holatlarda, odam o‘ldirish kuchli ruhiy hayajonlanish yoki zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish yoxud ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetka­zish tufayli sodir etilmaganligini ham aniqlash lozim.

Rashk tufayli odam o‘ldirish ham JK 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Odam o‘ldirish motivi sifatida rashk o‘zida ishonchsizlik, egoizm, qahr-g‘azab kabi unsurlarni jamlagan bo‘ladi. Ko‘pincha rashk tufayli odam o‘ldirishga er yoki xotinning xayoliy xiyonat qilganligi, jabrlanuvchining turmushga chiqishga yoki uylanishga rozi­lik bermaganligi yoki jabrlanuvchining nikohsiz birga yashash to‘g‘risidagi taklifni rad etganligi sabab bo‘ladi.

Agar qilmishda JK 97-moddasi 2-qismi nazarda tutilgan og‘irlashtiruvchi holatlar bo‘lmasa, kimning aybi bilan boshlan­ganligidan qat’i nazar urishish yoki musht­lashish vaqtida odam o‘lsa, aybdorning qilmishi JK  97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Urishish yoki mushtlashish vaqtida odam o‘ldirilganida qilmishni kuchli ruhiy hayajonlanish holatida yoki zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqqan holda yoxud ehtiyotsizlik oqibatida qasddan odam o‘ldi­rish­dagidek javobgarlikni yengillashtiruvchi holat ham mavjud bo‘lishi mumkin. Yuqorida aytilgan yengillashtiruvchi holat mavjud bo‘lsa, urishish yoki mushtlashish vaqtida odam o‘ldirish JK 98-, 100-, 102-moddalarining birortasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Qilmishni urishish yoki mushtlashish vaqtida odam o‘ldi­rish deb kvalifikatsiya qilish uchun faqat urishish yoki mushtlashish bo‘lganligini ta’kidlamasdan, balki jinoyat­ning sodir etilish motivi va haqiqiy holatlarini aniq­lash zarurdir. Urishish yoki mushtlashish sodir etilgan odam o‘ldirishning bir jihati bo‘lib, u muayyan motiv (bezorilik oqibatida, tamagirlik niyatida, rashk, o‘ch olish, hasad va hokazo tufayli) bilan sodir etiladi. Odam o‘ldi­rilganida mushtlashish va urishishning o‘zi, muayyan holat­ni e’tiborga olmaganda, qilmishni JK 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun zaruriy belgi
hisob­lanmaydi.

JK 97-moddasi 2-qismida jazoni og‘irlashtiruvchi holat­larda odam o‘ldirganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ushbu normada odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi o‘n yettita holat nazarda tutilgan bo‘lib, bu ro‘yxat o‘zgarmasdir, ya’ni JK 97-moddasi 2-qismida ko‘rsa­tilgan og‘irlashtiruvchi holat bo‘lmasa, qilmish ushbu norma bilan kvalifikatsiya qilinmaydi. Ammo JK 97-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlardan bi­rortasi yoki bir vaqtning o‘zida bu holatlarning bir nechasi mavjud ekanligi qilmishni JK 97-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun asos bo‘ladi. Jinoyat ushbu norma bilan kvalifikatsiya qilinganida, og‘irlashtiruvchi holatning har biri ko‘rsatilishi va u jazo tayinlanganida e’tiborga olinishi lozim.

Jinoyat huquqiga oid adabiyotlarda qasddan javobgar­likni og‘irlashtiruvchi holatlarda odam o‘ldirganlikni kvalifikatsiya qilish bo‘yicha turli qarashlar mavjud. JK 97-moddasi 2-qismidagi holatlar jinoyat tarkibining elementlariga ko‘ra tasniflangan.

Umuman olganda, hayotga qarshi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda Oliy sud Plenumi tushuntirishlariga qatiy rioya qilish va shaxsning motivi, uning hulq atvori, qanday tasir etuvchi omillar natijasida jinoyatga qo‘l urganligini aniqlash lozim bo‘ladi.

Viloyat sudining sudya katta yordamchisi M.Yo‘ldosheva