Янгиликлар
“O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi
O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 9-noyabrdagi O‘RQ-877-son Qonuniga muvofiq, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ro‘yxatga olinishi lozim.
Ro‘yxatga olish Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (maxsus vakolatli davlat organi) tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalari asosida amalga oshiriladi.
Kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari 5 yil muddatga ro‘yxatga olinadi.
Ro‘yxatga olish uchun sinovlarni o‘tkazish muddati 2 yildan oshmasligi kerak.
O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rilishini talab qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan o‘simliklarni himoya qilish vositalarini 1 yilgacha muddatda tajriba tariqasida qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.
Kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus omborxonalarda yoki maxsus xonalarda saqlashga yo‘l qo‘yiladi. Ularni maxsus idishsiz saqlash taqiqlanadi.
O‘simliklarni himoya qilish uchun qo‘llaniladigan o‘ta zaharli, kuchli ta’sir etuvchi zaharli, radioaktiv va boshqa moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va ulardan foydalanish chog‘ida ekologik xavf ehtimoli bo‘lgan vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tegishli ishlab chiqarish obektlari atrofida, transport magistrallari bo‘ylab qonunchilikka muvofiq alohida huquqiy rejim o‘rnatiladi.