Янгиликлар
Shaxsiy sug‘urtaning majburiy sug‘urta shartnomasidan farqi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 920-moddasiga ko‘ra, shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sug‘urtalovchi) boshqa taraf (sug‘urta qildiruvchi) to‘laydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoxud shartnomada ko‘rsatilgan boshqa fuqaro (sug‘urtalangan shaxs)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga to‘lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sug‘urta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni (sug‘urta pulini) bir yo‘la yoki vaqti-vaqti bilan to‘lab turish majburiyatini oladi.
Shaxsiy sug‘urta shartnomasi kimning foydasini ko‘zlab tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs sug‘urta pulini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Agar shartnomada naf oluvchi sifatida boshqa shaxs ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shaxsiy sug‘urta shartnomasi sug‘urtalangan shaxs foydasiga tuzilgan hisoblanadi. Boshqa naf oluvchi ko‘rsatilmagan shartnoma bo‘yicha sug‘urtalangan shaxs vafot etgan taqdirda, sug‘urtalangan shaxsning merosxo‘rlari naf oluvchilar deb tan olinadi.
Sug‘urtalangan deb hisoblanmaydigan shaxs foydasiga, shu jumladan sug‘urtalangan shaxs hisoblanmaydigan sug‘urta qildiruvchi foydasiga shaxsiy sug‘urta shartnomasi faqat sug‘urtalangan shaxsning yozma roziligi bilangina tuzilishi mumkin. Bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, shartnoma sug‘urtalangan shaxsning da’vosi bo‘yicha, bu shaxs vafot etgan taqdirda esa, uning merosxo‘rlari da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Shuningdek, ushbu kodeksning 922-moddasida majburiy sug‘urtaga quyidagicha ta’rif berilgan.
Qonunda quyidagilarni sug‘urta qilish majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin:
qonunda ko‘rsatilgan boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulki ularning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimolini nazarda tutib;
boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi yoxud boshqa shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarning buzilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zining fuqaroviy javobgarligi xavfi.
Sug‘urta qildiruvchi bo‘lish majburiyati qonun bilan unda ko‘rsatilgan shaxslar zimmasiga yuklanadi.
Qonunda majburiy sug‘urtaning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.
Fuqaroga o‘z hayoti yoki sog‘lig‘ini sug‘urtalash majburiyati qonun bilan yuklatilishi mumkin emas.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki unda belgilangan tartibda xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida davlatga qarashli mol-mulkka ega bo‘lgan yuridik shaxslarga bu mulkni sug‘urtalash majburiyati yuklanishi mumkin.
Mol-mulkni sug‘urta qilish majburiyati qonundan kelib chiqmaydigan, balki mol-mulkning egasi bilan tuzilgan shartnomaga yoki mol-mulkning mulkdori hisoblanuvchi yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga asoslangan hollarda, bunday sug‘urta ushbu moddaning ma’nosi jihatidan majburiy hisoblanmaydi va ushbu Kodeksning 924-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
Majburiy sug‘urta bunday sug‘urta qilish majburiyati yuklangan shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urtalovchi bilan sug‘urta shartnomasi tuzishi vositasida amalga oshiriladi.
Majburiy sug‘urta sug‘urta qildiruvchi hisobidan amalga oshiriladi, yo‘lovchilarni majburiy sug‘urtalash bundan mustasno bo‘lib, bu sug‘urta qonunda nazarda tutilgan hollarda ularning o‘z hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
Majburiy sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan ob’ektlar, ular sug‘urtalanishga sabab bo‘ladigan xavflar va sug‘urta pulining eng kam miqdorlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi qoidalarni buzish quyidagi oqibatlarga olib keladi.
Qonun bo‘yicha foydasiga majburiy sug‘urta amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxs, agar sug‘urta amalga oshirilmagani unga ma’lum bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi sifatida zimmasiga sug‘urtalash majburiyati yuklangan shaxs uni amalga oshirishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Agar sug‘urta qildiruvchi sifatida sug‘urtalash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs uni amalga oshirmagan bo‘lsa yoki sug‘urta shartnomasini naf oluvchining ahvolini qonunda belgilangan shartlarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarda tuzgan bo‘lsa, u sug‘urta hodisasi yuz berganida basharti tegishlicha sug‘urtalangan taqdirda sug‘urta tovoni to‘lashga asos bo‘lishi kerak bo‘lgan shartlarda javobgar bo‘ladi.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi B.Sh.Avazov