Янгиликлар
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Ma’lumki, yangi taxrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari yoritib o‘tilgan.
Ushbu Kodeksning 423-moddasida, nogironligi bo‘lgan shaxslarga «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari yo‘llanmasiga ko‘ra ishga joylashish kafolatlanishi belgilangan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatidan ularga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lgan ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘liqsiz ish vaqti rejimi to‘g‘risidagi, yuklamani kamaytirish haqidagi va mehnatning boshqa shart-sharoitlari to‘g‘risidagi tavsiyalari ish beruvchi tomonidan bajarilishi majburiydir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda boshqa xodimlar kabi huquqlarga ega, mehnatni muhofaza qilish sohasida, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari borasida esa ular o‘zi uchun qonunchilikda, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadi.
Jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida belgilanadigan mehnat shart-sharoitlari, shu jumladan ish haqi, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qonunchilikda belgilanganidan kam bo‘lishi hamda boshqa xodimlarga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslarning holatini yomonlashtirishi yoki ularning huquqlarini cheklashi mumkin emas.
Nogironligi sababli nogironligi bo‘lgan shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ishda uning yuqori lavozimga ko‘tarilishini rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxsning sog‘lig‘i holati kasbiy vazifalarini bajarishga monelik qiladigan yoxud uning yoki boshqa shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga, mehnat xavfsizligiga tahdid soladigan hollar mustasno.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turilishi lozim.
Ushbu Kodeksning 360-moddasida nazarda tutilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning majburiy tibbiy ko‘riklari ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu o‘ttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak.
Nogironligi bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga davomiyligi kamida o‘ttiz kalendar kundan iborat yillik mehnat ta’tili beriladi va ular bu ta’tildan yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtida foydalanishi mumkin.
Agar yillik mehnat ta’tili berilayotgan ish yili xodimga nogironlik belgilanguniga qadar va belgilanganidan keyingi davrlarni yoxud mazkur xodimning nogironligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan olib tashlanguniga qadar bo‘lgan davrni va olib tashlanganidan keyingi davrni qamrab olsa, yillik mehnat ta’tilining davomiyligi nogironlik belgilangan davrdagi va nogironlik yuzaga kelguniga qadar yoki nogironlik olib tashlanganidan keyingi ish davriga mutanosib ravishda hisoblanadi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ish beruvchi I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimning xohishiga ko‘ra uning yozma arizasi asosida unga ish haqi saqlanmagan holda har yili davomiyligi o‘n to‘rt kalendar kungacha bo‘lgan ta’til berishi shart.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq to‘lash tegishli kasb va lavozimlardagi xodimlarga to‘liq ish vaqti davomiyligidagi miqdorda amalga oshiriladi.
Surxondaryo viloyat sudi sudya katta yordamchisi
B.Sh.Avazov