Янгиликлар
Adliya vaziri Akbar Toshqulov Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida adliya organlari faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, adliya vaziri Surxondaryo viloyat yuridik texnikumida oʻquv jarayonlarini tashkil etilganlik, oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik bazasining taʼminlanganlik darajasi bilan yaqindan tanishdi. Texnikum binosi 600 oʻringa moʻljallangan, 150 oʻrinli oʻquvchilar turar joyi, sport zali, sport oʻyinlari uchun maydonlardan iborat.
Vazir texnikumdagi mavjud muammolar yuzasidan oʻz tavsiyalarini hamda oʻquvchilarni kelgusida kasbga yoʻnaltirishga doir qilinishi lozim boʻlgan ishlar boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.
Navbatdagi manzil — X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining hududiy boʻlimi boʻldi. Adliya vaziri tomonidan uning faoliyatidagi mavjud muammolar va kelgusida rivojlantirish masalalari tahlil qilindi.
Xizmat safari doirasida Akbar Toshqulov, shuningdek, Termiz shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius bilan suhbatlashib, bugungi kunda notarial idoralar faoliyatida yigʻilib qolgan muammolarni atroflicha tahlil qildi, ularni bartaraf etish mexanizmlari va takliflarni oʻrtaga tashladi.
Adliya vaziri notarial arxiv faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, arxiv hujjatlari, mavjud sharoitlarni koʻzdan kechirdi, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.
Shu kunning oʻzida Akbar Toshqulov Termiz shahar adliya boʻlimi faoliyati bilan tanishdi. Taʼkidlangandek, adliya organlarining asosiy vazifasi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, aholining huquqiy madaniyatini oshirishda mahallalardagi faollar imkoniyatidan foydalanish, mahalladagi “yettilik” bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, aholining huquqiy ongini oshirishga xizmat qilishdir.
Shuningdek, davlat xizmatlari markaziga kelgan fuqarolar bilan muloqot qilinib, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va xodimlarining muomala harakati yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.
Oʻrganish davomida “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha, shu jumladan onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yoʻli bilan birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.