Янгиликлар
Adliya vaziri aholiga va davlat organlariga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish borasida qilingan ishlarni oʻrgandi
Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida adliya vaziri Akbar Toshqulov tizim xodimlari faoliyati bilan tanishib, fuqarolar davlat xizmatlaridan yanada qulay, oson va tez foydalanishlari uchun sharoit va imkoniyatlar yaratish, davlat organlari va tashkilotlariga koʻrsatilayotgan yuridik xizmatlar sifatini yanada oshirish borasida qilingan ishlarni oʻrgandi.
Xususan, Qiziriq tumanida vazir adliya boʻlimi va yuridik xizmat koʻrsatish markazi faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarni oʻrganib, xodimlar bilan muloqot qildi. Yuridik xizmat koʻrsatilayotgan tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Taʼkidlangandek, adliya organlarining asosiy vazifalari qatorida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, aholining huquqiy madaniyati va ongini oshirishdir, bu borada mahallalardagi “yettilik” bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim rol oʻynaydi.
Bandixon tuman adliya boʻlimida Akbar Toshqulov fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shu jumladan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun mavjud imkoniyatlar, xizmatlar sifati, FHDY idoralarida aholiga xizmat koʻrsatish jarayonlarini oʻrgandi. Uchrashuvlar davomida mavjud elektron tizimlardagi funksiyalarni takomillashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, adliya vaziri “Termiz xalqaro savdo markazi”da tadbirkorlar bilan erkin muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida tadbirkorlarning sohani yanada kengaytirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha taklif va rejalari oʻrganildi. Tadbirkorlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida fikr-mulohazalar bildirilib, zarur tavsiyalar berildi.