Янгиликлар
Aholi salomatligi narkojinoyatlardan samarali himoya qilinadi.
“Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–207-son, 03.11.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bo‘lim kiritiladi.
Shuningdek, quyidagi qilmishlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik joriy etiladi:
narkojinoiy uyushma tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transchegaraviy usullarda yoki internet tarmog‘idan foydalanib o‘tkazish;
giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalaga kiritishga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish yoki bunday jinoyatlar fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida xabar berish;
g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash.
Bundan tashqari, Farmonda giyohvandlik vositalarini jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi ma’muriy javobgarlikni kiritish belgilandi.
Farmonga ko‘ra, narkojinoyatlar sodir etilishi va qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida quyidagi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik 2 baravargacha og‘irlashtiriladi, jumladan:
giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda ko‘p miqdorda har qanday usulda o‘tkazish;
alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini ko‘p miqdorda va takroran sodir etish;
giyohvandlik vositalarini har qanday shaklda iste’mol qilishga jalb etish odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganda.
Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida quyidagilar belgilandi:
har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan yoki ularni jalb qilgan holda sodir etishni jinoiy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holati sifatida qayd etish;
ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni 2 baravargacha og‘irlashtirish.
Bundan tashqari, ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilmaslik tartibi joriy etiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlaro sudi sudyasi B.S.Axmedov